Xonadoningizda toza ichimlik suvidan muammo yo‘qligi – farovonlikning bir belgisidir. Biroq uzoq vaqt davomida mamlakatdagi turg‘unlik sabab ko‘plab muammolar ildiz otib ketdi. Jumladan, ichimlik suvi sohasi ham egasiz qoldi. Navbatdagi murojaat bizni ayni shu muammo ortidan Farg‘ona viloyati, Furqat tumani, Qo‘rg‘oncha qishlog‘i sari yetakladi.

Husanjon Mahmudov:

– Ancha vaqtlardan beri mahallani ichimlik suvi muammosi qiynab kelmoqda. Katta yo‘l yoqasidan borib uzoq hududlardan suv tashib kelinadi. Ayollar, bolalar, keksalar qish kunlarida ham suv tashishadi. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Bajaramiz, bajaramiz, bahorga, martga, aprelga, keyin kuzga deya oradan yillar o‘tmoqda. Qop-qop va'dalar faqat qopning ichida qolib ketyapti. Shu yo‘ldan katta-katta rahbarlar, hattoki viloyat hokimi ham o‘tadi. Lekin birorta odam «sen suvni qayerdan tashib olib kelyapsan», demaydi. Bolalar katta-katta idishlarda suv tashib kelishadi. «Suvoqova» tashkilotidan kelib, va'dalar berishyapti, biroq natija yo‘q. Keyingi yili dasturga kiritilgan, degan yillarning anchasi o‘tib ketdi. Yo‘q suv uchun «uyingizga hisoblagich qo‘ying» deganlar ham bo‘ldi. Qachongacha suvsiz yashashimiz noma'lumligicha qolmoqda.

Vasila Roziqova:

– Biz mahalladagilar pul yig‘ib suv minorasi tashkil qildik. Lekin odam ko‘pligidan navbat yetmaydi. Shu sababli baribir «vodxoz»ga boramiz. Ba'zi vaqtlarda u yerlarda yig‘ilish bo‘ladi. Nima qilishni bilmay yana qaytib kelamiz. Kechasi bilan o‘sha yerdan suv tashib ichamiz. Shu sabab kasalliklar ham ko‘payib ketdi. Hatto, ariq suvi ham muammo. Chunki u ham fermerlardan oshmaydi-da.

Matluba Rahmonova:

– Mening kichik o‘g‘lim katta yo‘ldan borib suv tashib keladi. Baklajkalarda suv olib keladi. Bir safar mashina urib yubordi, baxtimizga omon qoldi. Besh yoshli qizim ham yonimda yurib, men bilan suv olib kelishga boradi. Yo‘l chekkasidan borishini tayinlab, ilhaq bo‘lib o‘tiraman. Ertalab ham maktabga borgunigacha suv olib kelib berishadi. Ariq suvi umuman yo‘q. Sigir-buzoqlarimizga ham shu suvdan beramiz. Ro‘zg‘or ishlari, idish-tovoq, kir yuvishlarga ham juda qiynalamiz. Komissiyalar juda ko‘p keladi, muammolar bilan qiziqadi. Darrov suv haqida aytamiz, lekin inobatga olinmaydi. Yozmagan joyimiz qolmadi, natijadan esa darak yo‘q.