Shu yil 11 sentyabrda qabul qilingan «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga asosan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzurida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etildi. 

Ushbu agentlikka bevosita iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish bilan birga reklama bozorini tartibga solish vazifasi yuklatildi.

Kun.uz muxbiri Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimov bilan tashqi reklamalar va ularning nazorati mavzusida suhbatlashdi.

Uning ta'kidlashicha, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tuzilishi bilan reklama sohasida yagona nazorat qiluvchi davlat organi tashkil etildi. Bunga qadar ushbu funksiyani sobiq Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bajarib kelayotgandi.

Raqobat qo‘mitasi 2019 yil yanvarida tugatilgach, shu vaqtdan boshlab to sentyabrda yuqoridagi farmon qabul qilinib, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etilishigacha bo‘lgan oraliq vaqt – 8 oy davomida alohida tashkilot reklama masalasi nazorati bilan shug‘ullanmagan.

– Ko‘chalardagi turli bannerlarda joylashtirilgan tashqi reklamalar qay tartibda joylashtiriladi va nazorat qilinadi?

– Tashqi reklamalar – shaharning yuzi. Ko‘pchilikning fikricha, shaharda nima reklama qilinayotganiga qarab, hududning iqtisodiy ahvoli haqida fikr yuritish mumkin. Men ham tashqi reklamalar iqtisodiyotning ko‘rsatkichi deb bilaman. Aytaylik, qimmat mashina reklama qilinayotgan bannerga ko‘zingiz tushsa, demak, bu shaharliklarning uni sotib olishga qurbi yetishini anglatadi.

2018 yil 30 avgustda Vazirlar Mahkamasining tomonidan qabul qilingan «Tashqi reklamalarni joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, reklama bo‘yicha qator yangiliklar qilindi.

Unda tashqi reklama uchun yerlarni auksion orqali berish ko‘zda tutilgan. Agar oldinlari hududdagi hokimliklarga borib, «Men shu hududda reklama bannerini joylashtirmoqchiman» deb so‘rasangiz, «ha» yoki «yo‘q» degan javobni berishardi. Rozilik ololmasdan ketgan talabgorning ertasi kuni o‘sha yerga boshqa reklama osilganini ko‘rish hollari ham uchrab turardi.