O‘zbekistonda ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Bu haqda “Huquqbuzarlikka qarshi kurash hamda xabeas korpus tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida aytilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Elektron ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish” axborot tizimini joriy etish loyihasi doirasida ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish tartibini bosqichma-bosqich raqamlashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi mumkin:

ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yurituvni elektron shaklda yuritish va protsessual harakatlarni amalga oshirish vaqtida ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzishga vakolatli organlar, sudlar va Majburiy ijro byurosi, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan ma'lumotlar almashinuvi imkonini beruvchi himoyalangan tizimni, jumladan axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalarini integratsiya qilish, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha statistika yuritishni avtomatlashtirish orqali joriy qilish;

ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yurituv amaliyotida protsessual hujjatlarning yagona elektron shakllarini ishlab chiqish;

ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuritish jarayonlarini, jumladan bu turdagi ishlar bo‘yicha elektron ish yurituvda tartib-taomillarni qisqartirish va ortiqcha bosqichlarni chiqarib tashlash orqali optimallashtirish;

protsessual harakatlarni amalga oshirish tartiblarini, jumladan elektron shaklda dalillarni to‘plash, ekspertizalar, sud muhokamasi o‘tkazish va sud qarorlarini ijro etish orqali soddalashtirish.

“Elektron ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish” loyihasini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha idoralararo komissiya tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Idoralararo komissiyaning ishchi organi etib belgilanadi.

Idoralararo komissiya (P. Bobojonov):

“Elektron ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish” dastlabki loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ish rejasini hamda idoralararo komissiya o‘rtasidagi ish taqsimotini tasdiqlaydi;

2021 yil 1 yanvarga qadar Toshkent shahrida dastlabki loyiha amalga kiritiladi;