Jahon | 08:54 / 17.10.2019
8325
2 daqiqa o‘qiladi

Putin hukumatga yoshlarning internetda o‘zlarini qanday tutishlarini o‘rganib chiqishni topshirdi

Foto: Yevgeniya Novojyenina / RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga yoshlarning internetda iste'molchilik borasida nimalarni afzal ko‘rishlari va o‘zlarini qanday tutishlarini o‘rganish bo‘yicha muntazam tadqiqotlar o‘tkazish vazifasini topshirdi. Tegishli buyruq oila va bolalarni muhofaza qilish davlat siyosatini amalga oshirish kengashi yig‘ilishi yakuniga ko‘ra qabul qilingan.   

Hujjatda so‘rovnomalar o‘tkazishdan maqsad “davlat hokimiyati organlarining axborot muhitining o‘sib kelayotgan avlod qarashlari shakllanishiga ta'siridan boxabarligi darajasini oshirish” ekani aytilgan. Putin ushbu tadqiqot natijalari bo‘yicha birinchi hisobotni 1 dekabrgacha olishni kutayotgani ta'kidlab o‘tilgan.

Shuningdek, notijorat tashkiloti negizida yoshlarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalashga qaratilgan kontentni ishlab chiqish va uni internetda tarqatishni tashkillashtirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil etish vazifasi topshirilgan. 

Sentyabrda Putin Rossiyadagi norozilik namoyishlariga izoh berib, yoshlar o‘z fikrlarini bildirishga haqli ekanini aytgan. “Bu ba'zida ijobiy natijaga olib keladi, chunki hokimiyatni bir siltab oladi”, deb aytgan Putin. Rossiya prezidenti, shuningdek, hokimiyatning majburiyatlariga yoshlarda “o‘z o‘rnini topishga” imkon bo‘lishi uchun barcha ishni qilishi zarurligi kirishini aytgan.

Mavzuga oid