Shikoyat mazmuni

«Olmazor tumani bo‘yicha yagona bo‘lgan nogiron va nuqsoni bor bolalar uchun iqtisoslashtirilgan 522-sonli bog‘cha va unga yonma-yon joylashgan 120-sonli bog‘chaning yerlari o‘g‘irlanmoqda. Ikki bog‘chaning avtoturargohi va yong‘in sodir bo‘lganda bolalarni evakuatsiya qilish uchun mo‘ljallangan yo‘lga xokimning qarori asosida imorat solingan va bog‘cha yerlari o‘g‘irlangan. Shu sababli, yong‘in sodir bo‘lgan holda 600dan ziyod bolalarni qutqarish imkoni yo‘q», deyiladi shikoyatda.

Holatni yanada bo‘rtirib tasvirlash maqsadida sirli muallif ikki bog‘cha o‘rtasida qurilgan bu uylarni «Iblis devori» deya ta'riflagan. Shuningdek, murojaatda aholining roziligini olish maqsadida shu yerda yashovchi fuqarolarga tegishli hujjatlarga «muttahamlik» bilan imzo chektirilgani aytiladi.

Anonim murojaatdagi hududni topib bordik. Holatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgandan so‘ng masala jiddiy emas ekan, degan xulosaga keldik. Har ikki bog‘chaning darvozalari ham yetarli o‘lchamda bo‘lib, yong‘in sodir bo‘lganda maxsus mashinalar sig‘ishida muammo bo‘lmasligini bir qarashda ko‘rish qiyin emas.

Uy egasi bilan suhbat

Qurilish bo‘layotgan uyga ham kirib o‘tdik. Uy qurilishida ishlayotgan ustalar bizni ayni o‘sha mahalladagi bir uy tomon yo‘naltirishdi. Olmazor tumani, Beruniy mahalla, Nozimaxonim 7-ko‘cha, 10-uy egasi Omil Ahmadjonov bizni darrov uyga taklif qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan anonim tarzda murojaatlar qoldirilib, tuhmat uyushtirilayotganidan ranjiganini yashirib o‘tirmadi.

«Yoshim 80da. Fizik-professor, fan doktoriman. Sizlar turgan bu joy – Toshkentdagi zilziladan so‘ng pedagoglarga berilgan joylar edi. Shu yerga imorat qurib, yashay boshlaganmiz. Keyinroq oilam kattalashgani sababli yer so‘rab murojaat qildim. Poytaxtdagi boshqa kvartiramni hokimlikka topshirdim. Buning evaziga hokimlik esa menga shu joyga 2003 yili qaror chiqarib berdi. Qurilishni boshladik. O‘sha vaqtdayoq qo‘shnilarning ba'zilari hasadgo‘ylik bilan joyni talashishdi. Shahar hokimligiga xat yozishdi. Tuman hokimligidan kelib o‘rganishdi, tekshirishdi. Ular hammasi to‘g‘riligi, qurilish qilishimiz mumkinligini aytishdi. Arxitektorlar tomonidan loyiha qilingan, unda ko‘plab tashkilotlarning xulosalari keltirilar ekan. Shuning o‘zi yetarli bo‘ldi. Yozdi-yozdilar juda ko‘payib ketdi. «400 odam norozi, falon-falon deb». Lekin tekshiruvchilar kelganida birortasini isbot qilib bera olishmadi. Tuman prokuraturasiga ham chaqirishdi. Ularga ham hammasini tushuntirib, hujjatlarimni ko‘rsatdim.