«Yig‘ilishda chorvachilik tarmog‘ida bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama etildi. 2019 yilda «Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida chorvachilikni rivojlantirish uchun 1 trillion 603 milliard so‘m, parrandachilikka 332 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada mayda shoxli chorva soni 550 ming boshga, parranda soni 6 million 130 mingtaga ko‘paydi.
Yig‘ilishda aholini arzon go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta'minlash borasida qilingan ishlar yetarli emas, deb baholandi. Chorvachilik tarmog‘ining dolzarb muammosi hisoblangan uzluksiz ozuqa-yem ta'minotini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi. Bugungi kunda chorvachilikda ozuqaga bo‘lgan ehtiyoj faqatgina 30-35 foizga qondiriladi. Xususan, parrandachilikda ozuqaning 85 foizi import hisobiga ta'minlanadi.
Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir, Qo‘ng‘irot, Kegeyli va Mo‘ynoq tumanlarida 1 million gektar pichanzor va yaylov yerlarida 182 ming bosh chorva mollari boqishga mo‘ljallangan 486ta loyiha ishlab chiqildi.
Mutasaddilarga 2019-2021 yillarda 300-500 bosh chorva boqishga mo‘ljallangan 270ta bo‘rdoqichilik kompleksi va 260ta sutchilik korxonasini tashkil etish ishlarini jadallashtirish topshirildi.
Chorvachilik sohasida mahsuldorlikka erishish uchun avvalo naslchilik masalalariga alohida e'tibor qaratish zarur. Yig‘ilishda Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga xorijiy tajriba asosida naslchilikni rivojlantirish va mahsulot narxini pasaytirish uchun xarajatning bir qismini subsidiyalash mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bog‘dorchilik sohasiga doir masalalar ham kun tartibiga qo‘yildi. Joriy yilning 9 oyida meva-sabzavot eksporti qariyb 1 milliard dollarga yetgan. Bo‘sh yerlardan unumli foydalanish, talab yuqori bo‘lgan ekin navlarini yetishtirish natijasida kelgusida ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan.
Prezident bu borada amalga oshirilayotgan ishlar hali talab darajasida emasligini ta'kidlagan. Xususan, Qibray va Toshkent tumanlarida mavjud bog‘larning 912 gektari yoki 20 foizi, tokzorlarning 164 gektari yoki 13 foizi eski va samarasizligi aniqlangan. Bundan tashqari, foydalanilmayotgan 1 400 gektar lalmi, shuningdek g‘alla ekilayotgan 4 040 gektar yerlar mavjud. Ushbu tumanlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi 19ta korxona 50 foiz quvvatda ishlamoqda.

















