Murojaat ortidan navbatdagi safarimiz Namangan viloyati tomon bo‘ldi.
Mingbuloq tumanidagi Mehnatobod qishlog‘i o‘rtasidan «Oxunboboyev kanali» va Namangan-Qo‘qon yo‘li o‘tgan. Ayni paytda qishloq aholisi o‘z yumushi bilan o‘tadigan, bolalar maktab va bog‘chaga boradigan ko‘prik foydalanishga yaroqsiz holga kelgan. Bir yil oldin ko‘prik orqali transport vositalari qatnashi cheklab qo‘yilgandi.


Inshoot o‘rtasida yoriqlar paydo bo‘lib, undan oqayotgan suv ko‘rinib turibdi. Xavfli holatga kelgan ko‘prikdan kuniga minglab yo‘lovchi va bolalar o‘tadi.


«Ko‘prikning ahvoli juda chatoq. To‘kilib ketgan. Bolalar 19-maktab va ikkita bog‘chaga mana shu joydan o‘tishadi. Serqatnovligini ko‘rib turibsiz. Sal nariroqdan yo‘l ochib berishdi. U yo‘l esa juda tor. Tezroq tuzatib berishsa bo‘lar edi», deydi mahalla vakili Ergashali Bobonazarov.


Inshootdagi yoriqlarni tuzatish uchun aholi urinib ko‘ribdi. Yoriqlarni beton bilan suvashgan. Biroq foydasi bo‘lmay, teshiklar yana ochilib qolavergan.
Ko‘prikdan o‘tayotgan o‘quvchi qizlar, «Ko‘prigimizni tuzatib berishsin. Teshiklari bor. Ostidagi suv ko‘rinib turadi. Rahbarlarga aytinglar-a. Qo‘rqib, zo‘rg‘a qadam bosib o‘tyapmiz», deya iltimos qilib ketishdi.
Mehnatoboddan uch kilometr yo‘l bosgach Jiydaqishloqqa keldik. «Uyurchi-Damko‘l» mahallasidagi aynan mana shu kanal tepasiga qurilgan ikkinchi ko‘prik bundan-da battar avariya holatiga kelgan.























