Ayni paytda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va tegishli tashkilotlar tomonidan «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda qonunning yangi tahriridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

  • Reklama davlat tilida berilishi majburiy bo‘ladi

– Yangi tahrirdagi qonunda o‘zgarishi mumkin bo‘lgan asosiy jihatlar nimalardan iborat?

– Birinchi navbatda reklama tili haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu narsa hanuz ko‘pchilik o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Ayrim fuqarolar, marketologlar reklama tilini cheklashga qarshi chiqishadi. Xohlagan odam yaponcha, koreyscha, ruscha reklama berishi mumkin deyishadi.

«Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganiga 30 yil bo‘lganiga qaramay, hanuz reklama tilini aniq qilib belgilab olmadik. Ko‘pchilik MDH davlatlarida esa ayni paytda reklama davlat tilida berilishi amalda belgilab qo‘yilgan.

Ayni paytda bizda ham «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririga reklamalarning davlat tilida berilishi zarurligi va reklama beruvchi xohishiga ko‘ra uni istalgan tilda takroriy variantini ham e'lon qilish mumkinligi haqida o‘zgartirish kiritmoqdamiz.

Lekin asosiy talab – o‘zbek tilidagi varianti, albatta, bo‘lishi zarur.

Bundan tashqari, bolalar uchun mo‘ljallangan mahsulotlar reklamasiga ayrim talablar qo‘shilyapti. Masalan, turli oziqlantiruvchi bo‘tqalar reklamasiga «Ona sutidan foydalanish zarur» degan mazmundagi iborani qo‘shamiz. Chunki bu kabi mahsulotlarni asosan onalar xarid qiladi. Shuning uchun bu eslatma foydadan xoli bo‘lmaydi.

  • Yashirin reklamaga ruxsat beriladi

O‘zgarishlardan yana biri – «Product placement»ga ruxsat berilayotgani. Bu atama, misol uchun, bitta ko‘rsatuvda boshlovchining qaysidir brend mahsulotini yashirin reklama qilib berishiga nisbatan ishlatiladi. Bunda boshlovchi bitta kompaniyaning soatini taqishi yoki brend nomi tushirilgan biror buyumidan foydalanishi mumkin.