Bugungi kunda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari dunyoning turli mamlakatlarida qonuniy yoki noqonuniy holatda bo‘lsin, oilasiga 4-5 so‘m yuborish ilinjida mehnat qilib kelishmoqda. Bu muammo davlat rahbariyati tomonidan ham e'tirof etilib, ularga qulayliklar va munosib sharoitlar barpo qilish, qiynalib qolgan hamda vafot etgan vatandoshlarni O‘zbekistonga olib kelish borasida farmon va qarorlar qabul qilinmoqda.
O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining eng yirik «kontingenti», shubhasiz, Rossiyada. Shuningdek, Turkiya, Janubiy Koreya, BAA, Yevropa, AQSh va boshqa mamlakatlarda ham mehnat qilayotgan o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Turkiyada ishlayotgan o‘zbeklarning ayrimlari bilan uchrashib, ularning mehnat sharoitlari, ularni qiynayotgan muammolarga qiziqdik. O‘zbekistonda hamshira bo‘lib ishlagan, so‘nggi 2 yil davomida turkiyalik keksa kishilarga qaragan vatandoshimiz nima uchun Turkiyaga kelishga qaror qilgani va bu mamlakatda ish topish jarayonlari, shuningdek, qanday shart evaziga vatanga qaytishi mumkinligi haqida hikoya qildi.
— Shu yerdagi maoshni O‘zbekistonda berishsa, qaytib borgan bo‘larmidingiz?
— Hayotda kelmasdim. Nafaqat Turkiya, O‘zbekistonning ostonasidan qadam xatlab chiqmasdim. Bu yerda 500 dollar oylikka ishlaymiz. [O‘zbekistonda] bizga 300 dollar bersin. 2 mln [so‘m] bersin, 200 dollar bo‘ladi. 2 mln oylik bersa, hozir qizlarimni jo‘natib yuboraman. Menga bersin shu oylikni, men ketaman. Erimga berganida ham ko‘chaga chiqib ishlamas edim.
Qizim hamshira, o‘zim hamshira. Hamshiralarning oyligini bir surishtirib ko‘ring-chi?! Kategoriya olishi uchun 300 dollar sarfladim, qizimga. Yana korrupsiyaga qarshi kurash, deyishyapti. Hecham korrupsiya yo‘qolgani yo‘q. Shu yerdan 500 dollar jo‘natdim. 300 dollar pora berdi, 200 dollarga malaka oshirdi. 0,25 stavkaga ishga qabul qildi tez yordamga. Undayam haydovchi erkak, shifokor erkak, deb kuyovim chiqarib oldi. 0,25 stavkaning oyligi hech qancha emas, 400 ming so‘mga ham yetmas ekan. Endi u nima bo‘ladi? O‘rtacha oylikni 2 mln so‘m qilib qo‘ysin, hech kim kelmaydi. Osonmas bu yerda. Sog‘inch ezib tashlaydi odamni. Bir kunda 10 marta qo‘ng‘iroq qilaman uyimga.
Kelishimga yo‘qchilik sabab bo‘lgan. Erim qorovul bo‘lib ishlaydi. Pensiya uchun ishlayapti, to‘g‘risi. 3 farzandim bor. Katta qizimni chiqarganimda o‘zimizga to‘q yashardik. Savdogarlik qilardim. Keyin bankrot bo‘ldim. Men Turkiyaga kelmasdan avval, erim 360 ming so‘m oylik olardi. O‘shandayam yog‘ 45 ming so‘m [5 litr yog‘] edi. Endi hisob-kitob qiling o‘zingiz. Savdogarlik qilgan vaqtimda olgan narsalarimni sotib yedik. Qirg‘izistondan yuk chiqarardik. Keyin Qirg‘iziston [chegara] ham yopilib ketdi...

















