«Sevimli» telekanalining «Zamon» informatsion dasturida berilgan lavha asosida ijtimoiy tarmoqlarda «Qarshida kaltaklangan shifokorlar: marhumning yaqinlari «Tez yordam»ning kechikkanini ta'kidlashmoqda» mazmunidagi fikr-mulohazalar tarqalgach, Sog‘liqni saqlash vazirligi holatni yana bir bor o‘rganib, vaziyat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Dastlabki qo‘ng‘iroq xususida

Avval ma'lum qilganimizdek, joriy yilning 16 oktabr kuni soat 08:28da RShTYoIM Qarshi filiali tez tibbiy yordam stansiyasi Call-markaziga Qarshi shahri Depo ko‘chasi 28-uyga ... 99 64 raqamidan chaqiriq bo‘lgan. Qo‘ng‘iroq qilgan kishi 1967 yilda tug‘ilgan fuqaro G.Sh. hushsiz ekanligini ma'lum qilgan.

Chaqiriqqa tez tibbiy yordam brigadasi «Hyundai» avtomashinasida soat 08:36da yuborilgan. Brigada a'zolari berilgan manzilga soat 08:42da yetib kelishgan (sirena va migalka yoqilgan holda).

Ko‘rinib turibdiki, brigada mashina stansiyadan yuborilganidan xonadonga yetib borgunicha o‘tgan vaqt 6 daqiqani tashkil etadi, xolos. Avtomashina necha daqiqada yetib borganini isbotlash uchun u yurgan yo‘ldagi chorrahalarda o‘rnatilgan videokameralar tasvirlarini kuzatish kifoya. Manzilda tez tibbiy yordam xodimlarini shaxsiyatga tegadigan haqoratli gaplar bilan kutib olishgan va ular biologik o‘lim chaqiriqdan ancha oldin qayd etilganini bildirishganidan so‘ng ayovsiz kaltaklangan.

Tez tibbiy yordam navbatchi shifokori va feldsher o‘zlari borgan avtomashinada RShTYoIMning Qarshi filialiga olib kelingan, mutaxassislar ko‘rigi va standart tekshiruvlardan keyin neyroxirurgiya bo‘limiga davolanish uchun yotqizilgan. Ichki ishlar xodimlariga xabar berilgan.

Keyingi 3ta qo‘ng‘iroq...

Soat 08:28dan keyin soat 08:42gacha mazkur manzildan «103» telefoniga har xil mobil raqamlardan 3 marta qo‘pol va tahdidli muomala bilan qilingan qo‘ng‘iroqlarni dispetcherlar qabul qilishgan va manzilga allaqachon tez tibbiy yordam brigadasi yuborilganini bildirishgan.

To‘rtinchi qo‘ng‘iroq...

Shu kuni soat 09:01da ...95 64 raqami orqali mazkur manzilga asossiz ravishda yana tez tibbiy yordam brigadasi so‘ralgan.

Bu vaqtda dispetcherlar dastlabki chaqiriqqa borgan shifokor va feldsherga chaqiriq berilgan fuqaroning qarindoshlari tomonidan tajovuz qilingani, chaqiriq berilgan fuqaro vafot etganini bilishgan va ichki ishlar xodimlariga xabar berishgan.