Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatidagi haydovchilar ishlab chiqarilganiga 15 yildan oshgan mashinalarga yo‘lovchi tashish taqiqlanishi mumkinligi yuzasidan norozi bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Transport vazirligi mazkur muammo bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, 2019 yil 21 may kuni Vazirlar Mahkamasining “Yo‘lovchilarni avtobusda tashish xavfsizligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 424-son qarori qabul qilindi.

Qarorning 1-bandiga muvofiq, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashishga litsenziya kartochkalari berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish taqiqlanganligi belgilangan. 

“Yuqoridagi qarorning qabul qilinishi ortidan ayrim transport uyushmalari va ularga a'zo haydovchilar o‘rtasida endi foydalanish muddati 15 yildan oshgan mikroavtobuslarga ham litsenziya berish to‘xtatiladi, degan noto‘g‘ri fikr yuzaga kelgan. Ana shunday holat Sirdaryo viloyatida kuzatildi. Viloyat transport boshqarmasi rahbariyati tomonidan ushbu qaror mazmun-mohiyati transport uyushmalari rahbarlariga to‘liq tushuntirilmaganligi qolaversa, litsenziya berish jarayonida ortiqcha sansolarlikka yo‘l qo‘yilishi mikroavtobus haydovchilarining haqli e'tirozlarini keltirib chiqardi”, - deyiladi vazirlik bayonotida.

Bildirilishicha, ushbu holat yuzasidan Transport vazirligining Avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti va Yuridik boshqarmasi vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh joriy yilning 5 oktabr kuni Sirdaryo viloyati transport boshqarmasida yo‘lovchi tashuvlari sohasida faoliyat yuritib kelayotgan uyushma rahbarlari va haydovchilar bilan sayyor qabul o‘tkazdi. 

Qabul davomida ishtirokchilarga qarorining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi. 

“Haydovchilar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ular litsenziya varaqalari olish uchun o‘zi a'zo bo‘lgan uyushmalar orqali hududiy transport boshqarmasiga belgilangan tartibda ariza bilan murojaat etmagani oydinlashdi. 

Ishchi guruhi tomonidan barcha haydovchilarga litsenziya olish tartib qoidalari yana bir bor batafsil tushuntirib o‘tildi hamda viloyat transport boshqarmasiga barcha uyushma rahbarlariga bu kabi masalalarda haydovchilarning huquqiy savodxonligini oshirib borish va kelib tushgan arizalar bo‘yicha o‘z muddatida litsenziya varaqalarini taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.