Jamiyat | 16:57 / 25.10.2019
9552
3 daqiqa o‘qiladi

«Hududgazta'minot» isitish jihozlari va is gazi bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi

Foto: AFP/ Barbara Sax

«Hududgazta'minot» AJ tabiiy va suyultirilgan gaz iste'molchilariga rasmiy xabarnoma bilan chiqdi.

Havo haroratining pasayib borishi natijasida aholi tomonidan xonadonlardagi yoz mavsumida ishlamay turgan isitish jihozlari (isitish pechlari, suv isitish qozonlari, AGV, AKGV va boshqa jihozlar) ishga tushiriladi. Lekin, aksariyat hollarda fuqarolar tomonidan uskunalarni ishlatish yo‘riqnomasi talablari va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinmasligi oqibatida kutilmagan ko‘ngilsiz hodisalar kelib chiqishi mumkin.

Bunday holatlar sodir bo‘lishi oldini olish maqsadida, yoz mavsumida ishlamagan jihozlarni ishga tushirishdan avval, albatta ularning dudburoni (mo‘rkon) va shamollatish tizimlari soz holatda ekanligini tekshirish talab etiladi.

Dudburonni tekshirish quyidagicha amalga oshiriladi:

1. Dudburon yaroqliligini uskunani ishga tushirmasdan oldin ip, yengil qog‘oz (salfetka) bo‘lagini uskuna yondirgichi ostidagi va alangani ko‘rish tirqishlariga olib boriladi (rasmda №2 va №6). Agar havo oqimi ichkariga ip yoki qog‘ozni torsa, dudburon tortishi qoniqarli holatda bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, dudburon tortishi qoniqarsiz hisoblanib, uskunani ishga tushirish qat'iyan taqiqlanadi va darhol mutaxassisga murojaat qilish talab etiladi.

2. Agar uskuna ishga tushirilgan bo‘lsa, gugurt alangasini uskunaning yondirgichi ostidagi va alangani ko‘rish tirqishlariga olib boriladi (rasmda №2 va №6). Agar alanga ichkariga qarab tortilsa, dudburon tortishi qoniqarli bo‘ladi. Aksincha alanga tashqari tomonga harakat qilsa, dudburonda nosozlik yoki havo o‘tkazmaydigan qandaydir to‘siq mavjud. Bu holatda darhol gaz uskunasini jo‘mrakdan o‘chirish va 104 telefon raqami orqali bog‘lanib, mutaxassis chaqirish shart! Mutaxassis tomonidan nosozlik bartaraf etilib, dudburon tortishi qoniqarli holatga keltirilmasdan oldin gaz uskunasini ishga tushirish qat'iyan taqiqlanadi.

«Is gazi (yonish jarayoni hosilasi) - inson hayotiga jiddiy tahdiddir. Gaz iste'molchilar tomonidan «zangori yoqilg‘i»dan foydalanish qoidalariga amal qilinishi isitish mavsumini bexatar va betalafot o‘tkazishni ta'minlaydi», - deyiladi «Hududgazta'minot» ogohlantirishida.

Mavzuga oid