Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish tizimi yanada takomillashtiriladi. Prezidentning tegishli farmoni loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

2019 yil 1 apreldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga quyidagilarni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan ijro ishi yuritishi institutini joriy qilish mo‘ljallanmoqda:

Jismoniy shaxslardan ma'muriy jarima, soliq qarzi va davlat bojlarini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari majburiy ijrosi soddalashtirilgan ijro ishi yuritishi tartibida, uning ijrosi natijasiz bo‘lganda – umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

soddalashtirilgan ijro ishi yuritishi doirasida undiruv qarzdor bilan muloqotga kirmasdan va uning yashash joyiga bormagan holda, faqatgina qarzdorning bankdagi hisob raqamlarini qidirish va undan (shu jumladan, plastik kartochkadan) qarzdorlikni so‘zsiz yechib olish orqali masofaviy amalga oshiriladi, ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlik (ijro yig‘imi summasidan tashqari) mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ko‘p bo‘lmagan hollarda esa, qarzdorlikni ish haqiga qaratish orqali amalga oshiriladi;

mazkur bandning uchinchi xatboshida ko‘rsatilgan majburiy ijro choralarini qo‘llash qarzdorga ijro hujjati talablarini ixtiyoriy ijro etish uchun besh kalendar kuni taqdim etish va ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atmasdan amalga oshiriladi, bu haqda qarzdorga tegishli xabarnoma yuboriladi;

soddalashtirilgan ijro ishi yuritishi tartib-taomillari doirasida qarzdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 198-1-moddasida (Qarzdorning ijro hujjatini ijro etmasligi) nazarda tutilgan sanksiya qo‘llanilmaydi;

soddalashtirilgan ijro ishi yuritishi tartib-taomillari doirasida amalga oshirilgan ijro harakatlari vaqti qonunda belgilangan majburiy ijro muddatiga kirmaydi.

Bosh prokuratura va Markaziy bankning quyidagilarni nazarda tutuvchi aliment majburiyatlarining yagona bank hisobvarag‘ini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinadi:

ijro hujjatlari bo‘yicha almentlar summalarini kiritish va yechib olishga, shu jumladan qarzdorlarning oylik maoshlaridan ushlab qolishga mo‘ljallangan har bir ijro hujjati bo‘yicha yagona bank hisob raqamida ilova hisobvaraqlarini ochish;