Jahon | 13:50 / 27.10.2019
52731
2 daqiqa o‘qiladi

«Men seni dunyoga keltirdim va o‘zim o‘ldiraman» - Ramzan Qodirov Bag‘dodiy haqidagi xabardan so‘ng Gogoldan iqtibos keltirdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov IShID terroristik guruhi rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘ldirilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirib, mashhur rus adibi Nikolay Gogolning «Taras Bulba» asaridan iqtibos keltirdi.

«Abu Bakr al-Bag‘dodiy yana o‘ldirildi? Shu vaqtda xayolga Taras Bulbaning o‘g‘li Andriyga «Men seni dunyoga keltirdim va o‘zim o‘ldiraman», degan gaplari keladi»,— deb yozdi Qodirov telegramdagi kanalida.

Shuningdek, Qodirov terrorchilarni yaxshi va yomonga ajratish davom etarkan, Bag‘dodiyning o‘limi hech narsani hal qilmasligini qo‘shimcha qilgan.

Ma'lumot uchun, Gololning «Taras Bulba» nomli asarida bosh qahramon Taras Bulba vatanini sotgan o‘g‘li Andriyni o‘z qo‘llari bilan o‘ldiradi. Qodirov bu mashhur asardan iqtibos keltirish orqali AQSh terrorchilarga homiylik qilishi va ularni o‘zi xohlagan vaqtda yo‘qotishiga ishora qilgan.

Avvalroq OAVda IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy AQSh harbiylari tomonidan o‘tkazilgan operatsiya doirasida o‘ldirilgani haqida xabar tarqalgan va Donald Tramp tvitterda «Katta voqea sodir bo‘lgani» haqida post qoldirgandi.

Al-Bag‘dodiy 2014 yilda Iroqning Mo‘sul shahridagi masjidda turib Suriya va Iroq hududida xalifalik tuzilganini e'lon qilgach, hech kim ko‘rmagan. O‘tgan vaqt davomida uning og‘ir jarohat olgani, o‘ldirilgani yoki asirga olingani haqida ko‘p marta xabar tarqalgan, ammo bu xabarlarning birortasi rasman tasdiqlanmagan.

Mavzuga oid