2019 yil 26 oktyabrda Toshkentda UzAuto Motors Service & Trade-In Center yangi sevis va savdo markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Markazning asosiy o‘ziga xosligi – bu Trade-in tizimi bo‘yicha foydalanilgan avtomobilni qo‘shimcha pul to‘lash orqali yangisiga almashtirish imkoniyatidir. Bir savdo maydonchasida bir necha dilerlar jamlangani evaziga, bu markaz xaridorlarga yurgan avtomobillarni sotish va sotib olish bo‘yicha katta tanlov imkonini beradi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Trade-in amaliyotining joriy etilishi bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda ta'kidlanishicha, respublika prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida ushbu tizim joriy etilmoqda. Ushbu dastur foydalanilgan avtomobil sohiblariga mashinalarini avtosalonda mutlaqo yangi avtomobil qiymatiga yetmagan pulni to‘lash asosida almashtirish imkonini bersa, minilgan avtomobil olmoqchi bo‘lganlar esa, eski mashinaning «toza» ekanini kafolat bilan olish imkoniga ega bo‘lishadi. 

Qayd etish o‘rinliki, minilgan avtomobillar sohiblari texnikalarini yangisiga almashtirishda topshirayotgan transport vositalarini qayta rasmiylashtirishga xarajatlardan ozod qilinadi.

 

Yangi va minilgan avtomobillar uchun mo‘ljallangan keng savdo maydonlaridan tashqari, UzAuto Motors Service & Trade-In Center servis va savdo markazida o‘zining ta'mirlash va bo‘yash angarlari ham bo‘lib, ular zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangan. Dilerga Trade-In tizimi orqali berilgan yurilgan avtomobillar shu yerning o‘zida diagnostikadan o‘tkazilib, zarur bo‘lsa, ta'mirlanadi, detallari almashtiriladi va bo‘yaladi. Avtomobillarni tezkor va sifatli ta'mirlash uchun markazda eng zamonaviy jihozlar va ishlab chiqaruvchidan ehtiyot qismlarning katta ombori mavjud. Shuningdek, markaz hududida gaz balloni jihoziga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, zamonaviy va keng avtoyuvish nuqtasi ham bor.