Hukumat onkologik xizmat va onkologik bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishni rivojlantirish dasturi, shuningdek nuklear tibbiyotni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqladi.
Ma’lumot uchun: nuklear tibbiyot – bu inson organlari funksiyalarining biologik yoki patologik o‘zgarishlari, buzilishlarini aniqlash uchun turli radioizotoplarni qo‘llashga asoslangan zamonaviy tibbiyotning tez rivojlanib borayotgan tarmog‘i. Aksariyat hollarda, radioavtiv izotoplar yordamida inson organizmidagi o‘zgarishlar radiologik tadqiqotlarning boshqa usullariga nisbatan ertaroq aniqlanadi.
Norma’ning yozishicha, quyidagilar konsepsiyani amalga oshirish doirasida asosiy yo‘nalishlar va vazifalar etib belgilandi:
• onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va holatini nazorat qilishning yuqori texnologik ilg‘or usullarini, shu jumladan radiofarmpreparatlardan foydalangan holda radioterapiya, radioxirurgiya hamda radiodiagnostikani amaliyotga joriy qilish;
• birlamchi tekshirish bosqichida va kasallikning qaytalanish yoki metastazlanish xavflarini erta aniqlash, davolash samaradorligini baholash uchun monitoring jarayonida xavfli o‘sma paydo bo‘lgan bemorlarni tekshirish sifatini oshirish;
• bemorlarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va kuzatish usullarini takomillashtirish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning nogiron bo‘lib qolish va vafot etish ko‘rsatkichlarini pasaytirish orqali yangi paydo bo‘lgan xavfli o‘sma aniqlangan bemorlar hayotining davomiyligi hamda sifatini oshirishni ta’minlashga qaratilgan kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va bosqichma-bosqich amalga oshirish.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududiy filiallarining mavjud quvvatlari doirasida 20 tacha o‘ringa mo‘ljallangan palliativ tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limlari tashkil qilinadi.
Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlarni optimallashtirish davomida tugatiladigan tibbiyot muassasalari yoki bo‘linmalari negizida 50 tadan o‘ringa mo‘ljallangan mahalliy hududlararo xospis ochiladi. Toshkent shahridagi xospis respublikadagi hududlararo xospislarga yordam ko‘rsatuvchi uslubiy markaz etib belgilandi.















