Jahon | 01:52 / 01.11.2019
13556
3 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg: Ukraina NATO a'zosi bo‘ladi va bu masalada Rossiyada ovoz berish huquqi yo‘q

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg NATOga a'zo davlatlar ayrim shartlar bajarilganda Ukrainani alyansga qabul qilishga tayyor ekanini ta'kidlab, Rossiya bu masalada ovoz berish huquqiga ega emasligini eslatdi.

Foto: NATO

Alyans rasmiy saytining xabariga ko‘ra, Stoltenberg bu haqda Odessadagi harbiy dengiz akademiyasidagi chiqishi chog‘ida bayonot bergan.

«Ukrainaning alyansga a'zoligi borasida mening nuqtai nazarim NATOniki bilan bir xil. Biz 2008 yilda NATOning Buxarestdagi sammitida qaror qabul qilganmiz. O‘shanda Ukraina NATO a'zosi bo‘lishi kerak, degan qarorga kelganmiz. Bu qaror hamon o‘z kuchida. Biz bu qarorni ko‘plab marta takrorladik. Bir vaqtning o‘zida, hozir asosiy diqqat-eʼtibor islohotlarga: sizlarga qanday yordam bera olishimizga, NATO standartlariga rioya qilishda yordam berishga, sizlarning mudofaa va xavfsizlik institutlaringizni mustahkamlashga qaratilmoqda», — degan Stoltenberg.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylar va alyans askarlarining qo‘shma mashqlari, NATO tomonidan Odessa harbiy dengiz akademiyasining qo‘llab-quvvatlanishi, islohotlarning o‘tkazilishi Ukrainani Shimoliy Atlantika blokiga a'zolikka yaqinlashtiradi.

«Bu qarorni Ukraina va Alyansning qolgan 29 a'zosi qabul qilishi kerak. Boshqa hech kim bu qarorga aralasha olmaydi. …Rossiya bu masalada ovoz berish huquqiga ega emas. Unda bu qarorga ta'sir o‘tkazish mumkin bo‘lgan hech qanday yuridik yoki haqqoniy platforma yo‘q», — degan NATO bosh kotibi.

U Rossiya tomonidan ham imzolangan Helsinki Yakuniy Akti va boshqa xalqaro hujjatlarga ishora qilgan. Ularda har bir davlatning o‘z rivojlanish yo‘lini aniqlab olish huquqi, qaysi xavfsizlik choralari majmuasiga a'zo bo‘lishga qaror qilishdagi erkinliklari mustahkamlab qo‘yilgan.

Stoltenbergning ta'kidlashicha, NATO eshiklari doim ochiq. Misol tariqasida u 2017 yilda NATO a'zosi bo‘lgan Qoratog‘ (Chernogoriya) hamda bir necha oydan so‘ng alyansga a'zo bo‘ladigan Shimoliy Makedoniyani misol keltirgan.

112.ua xabariga ko‘ra, Ukraina bosh vazirning o‘rinbosari, Yevropa va yevroatlantika integratsiyasi masalalari bo‘yicha vaziri Dmitriy Kuleba 5 yil ichida Ukraina NATOga a'zolik kriteriylarini to‘liq bajarishini va'da qilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid