Angliya Premer-Ligasi 11-turi doirasidagi “Everton” – “Tottenhem” (1:1) uchrashuvida noxush voqea yuz berdi. Mezbonlarning portugaliyalik 26 yoshli futbolchisi Andre Gomesh 78-daqiqada dahshatli jarohat olib, o‘yinning 10 daqiqa to‘xtab qolishiga sabab bo‘ldi. Son Xin Minning chetlatilishiga sabab bo‘lgan qo‘polligidan keyin ham Serj Ore bilan to‘qnashgan Gomeshning o‘ng oyog‘i sindi. Tribuna.uz quyida futboldagi eng dahshatli jarohatlarni yodga oladi.

 Lyuk Shou («Manchester Yunayted»)

Angliya terma jamoasi hamda «MYu» himoyachisi Lyuk Shou uchun 2015/16 yilgi Chempionlar Ligasi 1-turi dahshatli tarzda yakunlandi. “PSV”ga qarshi o‘yinda Ektor Morenoning qo‘polligi natijasida Lyuk Shouning chap oyog‘i ochiq sindi. 20 yoshli futbolchiga kislorodli maska kiydirib, maydonda uzoq vaqt tibbiy yordam ko‘rsatildi. 24-daqiqada maydonni zambilda tark etgan Shou, darhol Eyndxovendagi shifoxonada yotqizilib, oyog‘ining ikki joyidan ochiq sinishi tashxisi qo‘yilgan. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng, Shou oradan 8 oy o‘tib, mashg‘ulotlarga kirishgandi.

 Lionel Messi («Barselona»)

2010 yilning 19 sentabr kuni o‘tkazilgan “Atletiko” – “Barselona” uchrashuvining 90+2-daqiqasida Lionel Messi faoliyatidagi eng qo‘rqinchli jarohatga yo‘liqqandi. O‘yin yakunida hujumga o‘tayotgan argentinalikni madridliklarning chexiyalik futbolchisi Tomash Uyfalushi oyog‘ini o‘ta qo‘pol tarzda bosib oldi. Ko‘rinishidan jarohat qo‘rqinchliga o‘xshasa-da, Messining baxtiga bu faoliyatiga ta'sir qilarli jarohat bo‘lmadi. Pay cho‘zilishi tashxisi qo‘yilgach, Messi ikki haftalik tiklanishdan keyin yana safga qaytdi.

 Franchesko Totti («Roma»)

2006 yilning 19 fevral kuni Italiya A Seriyasi doirasidagi “Roma” – “Empoli” o‘yinida “Bo‘rilar” yetakchisi Franchesko Totti jiddiy jarohat oldi. “Empoli” futbolchisining qo‘polligidan keyin futbolchiga chap oyog‘ini sinishi hamda mushak paylarining shikastlanishi tashxisi qo‘yildi. O‘shanda Tottining bir yilga safdan chiqqani va JCh-2006ga bora olmasligi taxmin qilingandi. Ammo italiyalik shifokorlarning sa'y-harakatlari bilan “Imperator” 4 oyda jarohatini tikladi va Germaniyadagi jahon chempionatiga yo‘l oldi. Yakunda esa Tottining muvaffaqiyatli o‘yini “Moviy gvardiya” chempionligi bilan tugagandi.