O‘zbekiston | 16:58 / 06.11.2019
15331
2 daqiqa o‘qiladi

Ruslanbek Davletov yangi DXM haqida: «Davlat budjetidan pul sarflamasdan shunday chiroyli binoni qurish mumkin(mi)?!» 

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yangi qiyofadagi Davlat xizmatlari markazi ochilgani xabar berilgandi.

Ushbu markaz poytaxtda foydalanishga topshirilayotgan zamonaviy DXM binolaridan birinchisi bo‘lib, Toshkentda yana 8ta markaz qurilishi davom etmoqda.

O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov Facebook’dagi sahifasida ushbu DXM haqida post qoldirdi.

“Bugun Chilonzor tumani davlat xizmatlari markazi yangi binosini ishga tushirdik. E'tiborlisi, davlat-xususiy sherikchilik asosida mazkur bino investor tomonidan bepul qurib berildi. Toshkent shahrida yana 8 ta bino shunday hamkorlik asosida qurilyapti.

Bunisi respublika bo‘yicha ellik beshinchisi. Yilning oxirigacha 100 ta bino foydalanishga topshiriladi. Keyingi yilda esa barcha 200 dan ortiq tuman va shaharlarda eng zamonaviy binolar xalqimizga sifatli, shaffof va tezkor xizmat qilish uchun tayyor bo‘ladi.

Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatishda biznes jarayonlarni maqbullashtirish (BPR), ochiqlik va mas'uliyatni oshirish yuzasidan ham ishlarimizni jadallashtiryapmiz” - deb yozadi vazir. 

Eslatib o‘tamiz, yangi DXMda fuqarolarga 100dan ortiq xizmat turlari taklif etiladi. Binoda elektron navbat, infokiosk, kutish va tibbiy xizmat ko‘rsatish joylari, bolalar maydonchasi, kafe, kutubxona, shuningdek elektron xizmatlardan foydalanish ko‘nikmasiga ega xizmat oluvchilar (o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishi) uchun alohida maydonlar mavjud.

Mavzuga oid