O‘zbekiston | 16:20 / 07.11.2019
17377
2 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov: «Hatto ona tili fani o‘qituvchilari ham grammatikani yaxshi bilmaydi»

Bugun, 7 noyabr kuni Xalq ta’limi vazirligi binosida «Umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov davlat tilini o‘qitishdagi kamchiliklar, pedagoglar bilimi borasida ma’lumot berdi.

«O‘quvchilar kamida 3ta tilni bilishlari talab etilyapti. Bular o‘zbek, rus va ingliz tillari. Qo‘shimcha tillar ham o‘qitilishi mumkin. Ingliz tili uchun AQSh, rus tili uchun esa Rossiya bilan turli kelishuvlar orqali hamkorlik qilish niyatidamiz. Lekin o‘zbek tilini o‘qitish, pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha harakatlarni o‘zimiz qilishimiz kerak. Davlat tilini o‘qitish, tilni bilish darajasini baholash mezonlarini ishlab chiquvchi alohida guruh tuzganmiz. Shu paytgacha baholash grammatikani tekshirish shaklida bo‘lgan. Sirdaryo viloyatida o‘qituvchilarning o‘zbek tili grammatikasi bo‘yicha bilimlari tekshirildi.

Afsuski, grammatikani o‘qituvchilar ham bilmasligi aniqlandi. Hatto ona tili o‘qituvchilarining ko‘pchiligi testdan o‘tolmadi, chunki grammatika qiyin. Faqat grammatikani tekshirish o‘zi yetarlimas. Bunda o‘z fikrini ona tilida ifodalay olishi, to‘g‘ri tushunishi ham muhim, ya’ni til ko‘nikmasi bo‘lishi kerak. Shularni hisobga olib o‘zbek tilida ham IELTS kabi tizim ustida ishlayapmiz. Agar u ishga tushsa metodika ham o‘zgaradi. Mexanizmni ishlab chiqadigan ekspertlar ochiq tanlovini e’lon qilganmiz. Biz har doim hamkorlik qilishga tayyormiz», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.  

Mavzuga oid