Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidan tushgan murojaatlarni o‘rganish uchun mazkur tumanda bo‘ldik.
Chiroqchi tumani hududi juda katta. Shu sababli viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqov, tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va boshqa sohalar rahbarlari vaziyatni joyida o‘rganish uchun bizga hamrohlik qilishdi.
Dastlabki murojaat tumanning «Oq-oltin» mahallasidan edi. Bu yerda qirlar tepasida istiqomat qilayotgan aholi vakillari ichimlik suvi muammosiga duch kelishgan. Ular qariyb 5 km uzoqlikdagi chashmadan yer qazib, quvur bilan tortib kelayotgan suvni qo‘shni qishloq aholisi buzib tashlamoqda.

Bu qishloq aholisi asosan chorva boqib, lalmi yerda dehqonchilik qilib kun ko‘radi. Qishloqda quduqdan suv chiqarish uchun 80-100 metr chuqur qazish kerak.
Mahalladoshlardan birining aytishicha, qir ustidagi yangi ro‘zg‘or bo‘lgan 40tacha xonadon ichimlik suvini pastdan tashib keltiradi. Ichimlik suvini 5 km uzoqlikdagi chashmadan hashar yo‘li bilan o‘rtaga pul tashlab, quvur tortib kelishganda qo‘shni qishloq aholisi quvurning 2 km joyini buzib tashlashgan. Sababi chashmadan ularning qo‘y-qo‘zilari suv ichar ekan, bu qishloqdagilar suvni tortib ketishsa, chorvaga suv yetmay qolar ekan.
Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘.Abdurahimov masala chigalligini aytib o‘tdi.

«Chashma turgan hudud narigi qishloq — Oqchuva hududi hisoblanadi. Bu masalani har ikki mahalla oqsoqollari ishtirokida tuman hokimligida ham o‘rganib chiqqan edik. Axiyri, bu yerdagi oqsoqol otaxonlar ham oqchuvaliklarning talabi to‘g‘ri ekanligiga ko‘nishgan edi», deydi u.

Shundan so‘ng tuman mutasaddilari masalaga boshqacha yechim taklif qilishdi. Sharoitsiz joyda istiqomat qilayotganlarga pastdan uy-joy qurish uchun yopiq auksion orqali yer ajratib berilishi taklif qilindi.



























