Bugun, 8 noyabr kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova tomonidan Parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlarda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarga qo‘mitaning maxsus Murojaatnomasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Quyida ushbu Murojaatnoma matni keltirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasidagi siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining murojaati
Xalqimizning orzu-umidlarini, ezgu tashabbuslarini o‘z dasturiy vazifalarida mujassam etgan hurmatli siyosiy partiyalarimiz!
Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ayollarning ijtimoiy-siyosiy faol bo‘lishi muhim ekanini “Ayollarning jamiyatdagi o‘rnini, O‘zbekiston erishayotgan yutuqlardagi beqiyos hissasini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi” degan so‘zlari bilan izohladilar.
Va bir qator nutqlarida barcha ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda har bir ayol kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchiga aylanmog‘i lozimligini, hatto yurtimizda ayollar uchun belgilangan 30 foizlik kvotani 50 foizgacha ko‘tarish maqsadga muvofiq ekanini ham ta'kidladilar.
Bu munosabat davlatimiz rahbarining ayollarga oid siyosiy irodasining tantanasi bo‘ldi, desak, aslo xato bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning ayollar harakati tizimi g‘oyat qo‘llab-quvvatlandi, tuzilmaviy jihatdan kuchaytirildi. Shuningdek, biz butun xalqaro hamjamiyat oldida uzoq yillardan buyon bahsli bo‘lgan Gender tenglik borasidagi Qonunni qabul qildik.
Biroq, mana shunday o‘zgarish va yangilanishlar pallasida ham umumiy tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, siyosiy partiyalardan nomzodlar ko‘rsatilishida ayollarga munosabat keskin va kutilgan darajada ijobiy tarafga o‘zgarmagan. Bu holni ayollarning murojaatlari, ijtimoiy tarmoqlardagi ba'zi noroziliklar hamda umumiy kuzatuvlarimiz, raqamli ko‘rsatkichlar orqali anglab turibmiz.
Shu o‘rinda Yaratganning o‘zi har bir xilqatni ikkinchi bir bo‘lagi bilan isloh qilgani kabi Erkak va Ayolning jamiyatdagi o‘rnini ham oliy muvozanatda belgilab qo‘yganini eslatib o‘tmoqchimiz.
Albatta, saylov raqobatchi partiyalar, o‘z tashabbuslarini ilgari surayotgan kuchlar, xalq manfaatlarini ifoda etgan dasturlarini o‘z elektoratiga taqdim etayotgan nomzodlar kurashidir. Biroq partiyami, ayol yoki erkakmi siyosiy kurashlarda naqadar xilma-xil bo‘lmasinlar, ular O‘zbekistonimizning kuchli davlatga aylanishi, milliy yuksalishi yo‘lida bir gulxan atrofidagi bir maqsadli odamlardir aslida.

















