Birjada narxlar oshgan
So‘nggi 1 oy ichida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasidagi savdolarda birinchi navli un narxi 6,5 foizga, 3-sinf bug‘doy narxi 7,3 foizga qimmatlashgan.
Xususan, 15 avgust kuni o‘tkazilgan savdo yakunlari bo‘yicha, 1 tonna birinchi navli un narxi 3 mln 805,9 ming so‘mni, 1 tonna 3-sinf bug‘doy narxi 2 mln 500,6 ming so‘mni tashkil qilgan.
14 sentabr holatiga, un narxi 4 mln 54,1 ming so‘mgacha, bug‘doy narxi 2 mln 683,3 ming so‘mgacha qimmatlashgan.
Mahalliy tadbirkorlar nima deydi?
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida bug‘doy uni savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor so‘nggi kunlarda narxlar ancha oshganini tasdiqladi.
“Bir necha kun ichida ulgurji narxi 215 ming so‘mdan sotilgan mahalliy unlar 250 ming so‘mga, 310-315 ming so‘mdan sotilgan Qozog‘istondan import qilinuvchi unlar 400 ming so‘mga qimmatladi. Yetkazib beruvchilarimizning aytishicha, narxlar yanada oshishi mumkin ekan. Bunga nima sabab bo‘layotganini aniq bilmayman, menda bu borada ma’lumot yo‘q”, dedi tadbirkor.
Samarqand viloyati Jomboy tumanida faoliyat olib boruvchi boshqa bir tadbirkor ham narxlar sezilarli oshgani haqida gapirdi.
“Avval bir qop unni 260-270 ming so‘mdan sotayotgan bo‘lsam, endi narx 440-450 ming so‘mga chiqdi. Bu Qozog‘iston uni. O‘zimizda chiqadigan va Qozog‘iston uni bilan aralashtiriladigan unlar ham 430 ming so‘mdan sotilyapti. Bu unlar narxi 240-250 ming so‘m atrofida bo‘lardi. Narxlar 2 haftadan beri ko‘tarilib kelyapti”, – deydi u.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan birining yozishicha, 10 kilogrammlik Qozog‘istonning “Oltin don” nomli uni bir kunda qariyb 30 mingga qimmatlashgan.










