O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun o‘zbek tilini bilish talab etilishi mumkin
O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish sharti sifatida davlat tilini muloqot uchun yetarli darajada bilish kerak bo‘ladi. Bu haqda IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Nodir Ziyoyev 7 noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.
Mazkur talab IIV tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida» qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.
Tadbirda jurnalistlar tomonidan fuqarolikka qabul qilinayotgan shaxsning davlat tilini muloqot uchun yetarli darajada bilishi qanday aniqlanishi haqida savol berildi.
“Xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rganganimizda bunday talab Rossiya, Armaniston, Belarus, Latviya kabi davlatlarda ham borligi ma'lum bo‘ldi, yangi tahrirdagi qonun loyihasiga ushbu me'yor ana shu mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib kiritildi. Ayni paytda qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilib takomillashtirilmoqda. Ushbu jarayonda unga o‘zgartirish kiritilishi mumkin. Jumladan, davlat muloqot darajasida tilini bilish talabi aks etgan 9-bandga ham. Biz talabgorning o‘zbek tilini haqiqatda necha foizga bilishi haqidagi hujjatni yig‘ma ish jildiga tikib qo‘yishimiz kerak. Davlat tilini lozim darajada bilishini kim belgilab berishi, kim imtihon olishi-yu, sertifikat taqdim etishi hozir parlamentda muhokama etilmoqda. Bu bo‘yicha hali o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, qonun loyihasi fraksiyalar yig‘ilishida, parlament majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi. O‘zgarishlar haqida jamoatchilikka ma'lum qilinadi”, deya Nodir Ziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Avvalroq qonun loyihasida O‘zbekistonda 1995 yil 1 yanvarga qadar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, xorijiy davlat fuqaroligini olmagan hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasiga ega bo‘lganlarning fuqaroligi tan olinishi, respublika hududida uzluksiz besh yil yashagan xorijiy davlat fuqarolari (xorijiy davlat fuqaroligidan chiqqan bo‘lsa) va yashash ma'lumotnomasiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taqdim etilishi kutilayotgani haqida xabar qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda hozirgi vaqtda jami 95 857 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar istiqomat qiladi, ushbu ko‘rsatkich Markaziy Osiyodagi jami fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning 78,5 foizini tashkil etadi.
Mavzuga oid
20:19 / 09.11.2019
«Zagranpasport» vaqtincha propiska qilingan joydan ham berilishi mumkin
12:33 / 08.11.2019
O‘zbekistonda fuqaroligi yo‘q shaxslarning yarmidan ortig‘iga fuqarolik berilishi kutilmoqda - IIV rasmiysi
18:51 / 14.02.2019
«Endi bolalarning guvohnomasi bor». Kun.uz'da yoritilgan masala ijobiy hal bo‘ldi
11:37 / 26.12.2018