Facebook foydalanuvchisi Jahongir Bobojonov amerikalik taniqli islom targ‘ibotchisi Yusuf Estes bilan kechgan qisqa suhbati videosini o‘z sahifasiga joylashtirdi.

Suhbatda Estes hech qachon O‘zbekistonga bormagani, ammo bir marta samolyotda shu yerdan uchib o‘tgani haqida gapirib, mamlakatning islom olamida alohida o‘rin tutishini ta'kidlab o‘tgan.

«Uchuvchi biz O‘zbekiston ustidan uchib o‘tayotganimizni, poytaxti Toshkent ekanini aytdi. Shunda yodimga tushib qoldi, axir bu – eng qadimiy Qur'on qo‘lyozmalaridan biri saqlanuvchi muzey joylashgan shahar-ku! Bu – Buxoriyning yurti! Bu – musulmonlar mamlakati, Termiziyning yurti! Va boshqa ko‘p-ko‘p... O‘ylab qoldim, hoziroq parashyut taqib, samolyotdan sakrab qolishimni iloji bo‘lganidami...

U yerga borishni chindan ham xohlayman. Hozircha hech bormaganman, lekin ustidan uchib o‘tganman», – deydi Yusuf Estes.

Yusuf Estes kim o‘zi?

75 yoshli voiz 44 yoshigacha xristianlik diniga e'tiqod qilgan, so‘ng islomga kirib, Jozef ismini Yusufga o‘zgartirgan va islomning faol targ‘ibotchisiga aylangan. U 90-yillarda AQSh qamoqxonalarida mahbuslarga islomiy mavzularda ma'ruzalar o‘qigan, 2000 yili diniy yetakchilar uchun BMT tashkil etgan Jahon tinchlik konferensiyasida qatnashgan.

O‘z avtobiografiyasida yozishicha, Yusuf bolaligidan xristianlik ta'limini olgan. Yoshligidan musiqa sohasida ishlagan, musiqiy tadbirlarni tashkillashtirgan, otasi bilan disklar va musiqa asboblari sotuvchi do‘konlar ochgan, tele va radiodasturlarga asos solgan. Bir nechta shtatlardagi tijoriy faoliyati ortidan, o‘zining aytishicha, millionlab dollar mablag‘ jamg‘argan.

Estes islom haqida dasturlar efirga uzatiluvchi «Guide Us» («Bizga yo‘l ko‘rsat») telekanali asoschisi va rahbari sanaladi. Hozirda pensiyada bo‘lgan islom da'vatchisini turli tashkilotlar va o‘quv muassasalalariga amri ma'ruf uchun chaqirib turishadi.

«Islom olamining taniqli olimlarini O‘zbekistonga taklif qilish kerak»

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning ta'biricha, Yusuf Estes – amerikalik eng taniqli islomiy olim sanaladi. U Estesni O‘zbekistonga taklif qilish kerak, degan fikrda.