Isuzu deganda ko‘pchilik o‘zbekistonliklar ko‘z o‘ngida birinchi bo‘lib kichik avtobus gavdalansa kerak. Shahar va qishloqlarimizda minglab kishilar har kuni ish yoki o‘qishga shu rusumdagi avtobusda qatnaydi, ammo hamma ham Isuzu`ning jahon darajasidagi brend ekanini bilavermaydi.

Xo‘sh, bu yapon kompaniyasi Yaponiyaning o‘zida, O‘zbekistonda va umuman jahon avtosanoatida qanday o‘ringa ega? Yaqinda Isuzu tashkil etgan press-tur doirasida kunchiqar yurtda bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri barchamizga yaxshi tanish brend haqida biz bilmagan ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Yaponiyaning ilk avtomobil ishlab chiqaruvchisi

Yaponiya avtosanoati dunyo miqyosida o‘z o‘rniga ega. Toyota, Nissan, Honda, Suzuki, Mazda, Mitsubishi kabilar – dunyo miqyosidagi brendlardir. Ammo samuraylar yurtidagi ilk yengil avtomobilni ishlab chiqarganlar – bular emas, balki aynan Isuzu`dir.

Tashkilot tarixi 1916 yilga borib taqaladi. O‘shanda Tokioda kemasozlik va gaz-elektr sohalariga ixtisoslashgan ikki kompaniya o‘zaro hamkorlikda avtomobil ishlab chiqarishga kelishib olgan edi. 1918 yildan kompaniya zavodida yuk avtomobillarini yig‘ish boshlangan, 1922 yilga kelib esa Britaniyaning «Wolseley Motors» kompaniyasi bilan hamkorlikda Yaponiyaning ilk yengil avtomobili ishlab chiqarilgan.

Havo sovutkichli dizel dvigateli bilan harakatlanuvchi TX80 modeli.
II jahon urushidan keyingi yillarda Yaponiyani vayronalardan tiklashda keng foydalanilgan

Isuzu – «ellik qo‘ng‘iroq» demakdir

1933 yilda yana ikki kompaniyaning birlashuvidan yangi alyans – «Automobile Industries» kompaniyasi tashkil topgan va shu yildan ishlab chiqarilayotgan yuk avtomobiliga «Isuzu» nomi berilgan.

Isuzu – Yaponiyadagi Isuzugava daryosi nomidan olingan bo‘lib, yaponchadan «ellikta qo‘ng‘iroq» ma'nosini anglatadi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin mazkur zavoddan chiqqan yuk avtomobillaridan Yaponiyani vayronalardan tiklashda keng foydalanilgan. 1949 yilda kompaniya hozirgi nomi – «Isuzu Motors Limited» bilan atala boshlagan.

1990 yillarda Isuzu o‘rta va og‘ir yuk avtomobillari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqib olgandi.