Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 7 noyabr kuni tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Prezident ushbu yig‘ilishda «Bundan buyon taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash orqali erishish mumkin», degan fikrni ilgari surib, hokimlar, sektor rahbarlariga tadbirkorlarga murojaat bilan chiqish topshirig‘ini bergan edi.
Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev viloyat televideniyesi orqali chiqish qilib, tadbirkorlarga murojaat yo‘lladi.

«Tadbirkorlik — mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishi, aholi uchun ish o‘rinlarining yaratilishi, sifatli mahsulot ishlab chiqarish, eksport, davlat budjet daromadlarining oshishi, manfaatdorlik orqali turmush farovonligining o‘sishi, demakdir.
Biroq shunga qaramasdan tadbirkorlikni yanada rivojlantirishda barcha to‘siq va g‘ovlarga to‘liq barham berilmagan. Joylarda hokimliklar, davlat organlari idoralari iqtisodiyotimizning ushbu muhim yo‘nalishiga yetarli e'tibor bermayaptilar. Ayrim hollarda bu ishga panja orasidan qarab kelinayotganligi tashabbuskor yurtdoshlarimizning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlarga yer, bino va inshoot, kredit ajratish, xom-ashyo bilan ta'minlash, kommunikatsiya tizimlariga ulanishga ruxsatnoma berishda byurokratiya kuchlilik qilmoqda. Eng pastki bo‘g‘inda ishlovchi davlat idoralarining ayrim xodimlari mavjud qonunchilikni nazar-pisand qilmay, ochiq aytishimiz kerakki, tamagirlik yo‘li bilan muammolarni hal qilishga atayin to‘siq bo‘lishmoqda», – dedi Barnoyev o‘z murojaatida.
«Qishloq xo‘jaligida yangi yo‘nalish sifatida bugun paxtachilikda sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan klaster tizimi boshqa tarmoqlarga ham joriy etiladi. Xususan, viloyatda 2020 yilda 9ta g‘allachilik, 6ta parrandachilik, 4ta chorvachilik, 3ta pillachilik va 6ta meva-sabzavotchilik klasterlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 5,5 ming gektar yer maydonlari ajratiladi», – deydi Buxoro viloyati hokimi.
7 noyabrdagi yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan har bir hududning xususiyati, salohiyati, ixtisoslashuvidan kelib chiqib, aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning biznes g‘oyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.














