Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 7 noyabr kuni tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Mazkur yig‘ilishida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish xususida prezident tomonidan hokimlarga qator tavsiya va topshiriqlar berilgandi. Prezident «Bundan buyon taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash orqali erishish mumkin», degan fikrni ilgari surib, hokimlar, sektor rahbarlariga tadbirkorlarga murojaat bilan chiqish topshirig‘ini bergan edi.
Dastlab, 8 noyabr kuni Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov hamda barcha sektor rahbarlari ishtirokida Navoiy shahridagi «Yoshlar markazi»da viloyatdagi tadbirkorlik va kichik biznes vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda hokim tadbirkorlarga murojaat qildi.

Uchrashuvda tadbirkorlar turli muammoli masala bilan viloyat hokimiga murojaat qilishdi hamda ularning murojaatlari mas'ul mutasaddilar tomonidan ko‘rib chiqish uchun qat'iy vazifalar belgilandi. 5 nafar tadbirkorning muammosi joyida o‘z yechimini topdi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov 12 noyabr kuni Samarqand shahridagi «Yoshlar markazi»da viloyat tadbirkorlariga murojaat bilan chiqish qildi.

Uchrashuvda viloyat, tuman, shahar studiyalarida tadbirkorlik sub'yektlari vakillari hamda tadbirkorlik sub'yektlariga xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlar mutasaddilari, barcha sektorlar rahbarlari, huquq-tartibot idoralari, sudlar va boshqa mutasaddi tashkilotlar mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
















