Joriy yil ilk marta O‘zbekistonda umumta'lim maktablarining reytingi e'lon qilindi. Shundan so‘ng natijalar, baho va reytingning ayrim jihatlariga oid turli fikrlar bildirildi.
Jumladan, «Munosabat» tok-shousining shu mavzuga bag‘ishlangan sonida 9 nafar o‘quvchisi Prezident maktabiga kirgan Toshkent shahridagi maktablardan birining umummilliy reytingda nega quyi o‘ringa tushib qolgani borasida ham muhokamalar bo‘lgan edi.
Kun.uz muxbiri birinchi bor o‘tkazilgan milliy reyting tizimi natijalari, baholash mezonlarining asoslari haqida ma'lumot olish uchun Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Feruza Madrahimova bilan suhbatlashdi.

– Milliy reyting tizimini shakllantirishda nimalarga asoslanildi? Uning asosiy indikatorlari nimalardan iborat bo‘ldi?
– Ta'lim inspeksiyasi Xalq ta'limi vazirligi bilan birga umumta'lim maktablari reytingini aniqlash uchun, avvalo, xalqaro tajribani o‘rganishni zarur deb bildi. Bunda AQSh, Yaponiya, Rossiya va boshqa reyting tushunchasi o‘zini oqlagan o‘ndan ortiq rivojlangan davlatlar, qo‘shni mamlakatlar tajribasi tahlil qilindi.
Reyting – ta'lim muassasasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar, ushbu ta'lim muassasasini boshqarayotgan menejyerlar yoki direktorlar va eng asosiysi, ushbu muassasada ta'lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilarning bilim darajasi yildan yilga qay darajada rivojlanib borayotganini aniqlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Misol uchun, AQShning Texas shtatida reyting imtihoni maktabdan tanlab olingan sinfda sinov o‘tkazish bilan bo‘ladi. Bunda maktabning 2 yil avvalgi holati qanday va ayni paytda rivojlanayotgani yoki yo‘qligini tahlil qilish maqsadida bolalardan matematika va ingliz tilidan (ona tili sifatida) sinovlar o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, muassasada faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar va menejyer (direktor)ning o‘zaro munosabati, maktabdagi muhit, ota-onalarning maktabdagi ta'lim-tarbiya jarayonidagi ishtiroki, ya'ni ota-ona va ta'lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik holati aniqlanadi.










