O‘zbekiston | 13:53 / 14.11.2019
13360
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo jahon iqtisodiyotida qanday qilib munosib o‘rin egallashi mumkinligini tushuntirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muvofiqlashtirilgan siyosat mexanizmlarini yaratish va xorijiy bozorlarni egallash Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqtisodiy o‘sishning yangi imkoniyatlarini ochadi. Shu tariqa mintaqa jahon iqtisodiyotida munosib o‘rinni egallashi mumkin, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining (MOMIH) vazirlar darajasidagi konferensiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida.

Murojaat davlat rahbarining maslahatchisi Ravshan G‘ulomov tomonidan o‘qib eshittirildi.

Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, mintaqa o‘zining geosiyosiy joylashuvi, boy tabiiy xom-ashyo, ishlab chiqarish va inson resurslari, shuningdek, tranzit salohiyati sababli xorijiy investorlar uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda:

“Ushbu aniq afzalliklardan samarali foydalanish, iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, muvofiqlashtirilgan siyosatning yangi mexanizmlarini yaratish va xorijiy bozorlarni egallash mamlakatlarimizning iqtisodiy o‘sishi uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi, - deyiladi tabrik nutqida. – Shu tariqa mintaqamiz jahon iqtisodiyoti va global transport infratuzilmasida o‘zining munosib o‘rnini egallashiga erishamiz”.

Bu borada mamlakatlar oldida Markaziy Osiyoni Yevropa, Tinch okeani mintaqasi va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan birlashtiruvchi yangi transport yo‘laklarini diversifikatsiyalash va shakllantirish, zamonaviy logistika markazlarini yaratish vazifasi turibdi, deya qayd etdi O‘zbekiston Respublikasi rahbari. 

“Bularning bari xalqaro investorlar tomonidan Markaziy Osiyoga yaxlit, istiqbolga ega bozor sifatida qarash uchun sharoitlar yaratadi”, - deya ta'kidladi u. 

Davlat rahbari o‘tgan yillar mobaynida MOMIH ta'sirchan yondashuvlar va muhim masalalar bo‘yicha yechimlarni ishlab chiqishning samarali platformasiga aylanganini mamnuniyat bilan qayd etdi. 

“MOMIH dasturi rivojlanishning ulkan salohiyati va katta sig‘imga boy mintaqa iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasidagi o‘z faoliyatini yanada kengaytirishi va shu tariqa mintaqaviy aloqalarning chuqurlashishiga hissa qo‘shishiga ishonamiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Mavzuga oid