Buyuk Xitoy devori dunyodagi eng ko‘p dovrug‘ taratgan yodgorlik hisoblanadi va har yili yer yuzining turli o‘lkalaridan millionlab mehmonlarni o‘ziga jalb qiladi. Xitoy shimoli bo‘ylab cho‘zilgan ulkan istehkomlar muhandislik g‘oyalari g‘alabasidir. Devordan dastlabki maqsad Xitoy hududlarini ko‘chmanchi qabilalardan himoyalash bo‘lgan, ammo chegaradagi tartibni saqlash maqsadida Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab bojxona ombori sifatida ham foydalanilgan.

Devorning qurilishi ikki ming yildan ortiqroq vaqt davom etgan, aynan shuning uchun ham u qiziqarli tarixga boy. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Sin sulolasi hukmronligi davrida olib borilgan dastlabki qurilish ishlariga Xitoy aholisining 70 foizi jalb qilingan.

Keling, Xitoyning ushbu diqqatga sazovor maskani aynan nimasi bilan o‘ziga xosligiga va u qanchalar ulkanligi haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritamiz. 

U bir butun emas

«Buyuk Xitoy devori» nomining o‘zi tasavvurimizda uzluksiz devor chizig‘ini gavdalantiradi, ammo unday emas. Aslida yaxlit yodgorlik sifatida shuhrat qozongan inshoot turli sulolalar tomonidan qurilgan istehkomlar tizimidir. Ushbu devorlarning aksariyati bir-biriga aslida parallel joylashgan. Bundan tashqari, ushbu istehkomlarning barchasi ham haqiqiy devorlarni o‘z ichiga olmaydi. Xandaqlar va daryo, do‘nglik singari tabiiy to‘siqlar ham ko‘pincha obektning bir qismi deb hisoblanadi.

Biz hozir ko‘rib turganimiz nisbatan kech qurilgan

Inshoot qurilishi miloddan avvalgi VII asrda boshlanib, qadimgi Xitoy hududidagi turli davlatlar tomonidan amalga oshirilgan. Xitoyning birinchi imperatori Sin Shixuandi o‘zining miloddan avvalgi III asrga to‘g‘ri keluvchi hukmronligi davrida inshoot qismlarini birlashtirishni boshlagan. Biroq, dastlabki qurilgan devorlarning deyarli barcha qismi vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketadi. U yastangan 21 196 kilometrdan deyarli yarmi Min sulolasi tomonidan qurilgan. Hukmdorlar 1368-1644 yillarda ko‘chmanchi mo‘g‘ul qabilalari shimoldan bostirib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun istehkom qurdirishgan.

Rasmiy sharhga ko‘ra, Min sulolasi 8 850 kilometr masofada ajoyib yodgorlik qurgan, uning 6 259 kilometri haqiqiy devorni o‘z ichiga oladi. Aynan shu hudud bugungi kunda eng ko‘p tashrif buyuriluvchi maskanlardan biridir. Badalin, Mutianyu va Jinshanling - har yili millionlab sayyohlarni jalb qiladigan Pekin yaqinidagi yaxshi saqlanib qolgan joylar bo‘lib, Badaling va Jinshanling eramizning XVI asrida butunlay yangidan qurilgan. Badaling, shuningdek, rasmiy davlat tashriflari uchun tanlangan joy bo‘lib, jumladan AQSh prezidenti Richard Niksonning 1972 yilda Xitoyga qilgan tarixiy tashrifi uchun ham xizmat qilgan.