Kun.uz jamoasi bu gal dunyoning eng qudratli davlatlaridan biri – nafaqat texnologiyasi, balki boy tarixi bilan ham hayratga soluvchi Chin yurtiga safar qildi. Bizning ilk manzilimiz Pekinning qoq markazida joylashgan, dunyodagi eng mashhur saroylardan biri – Gugun majmuasidir. Xalq orasida u “Taqiqlangan shahar” nomi bilan tanilgan. Shuningdek, mamlakat ramzi – Buyuk Xitoy devorini ham ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

U shaharga kirish taqiqlangan edi

Nega “taqiqlangan”? Chunki qariyb besh asr davomida bu yerga imperator iznisiz kirgan odam qattiq jazoga tortilgan. Bu darvozalar ortida oddiy inson uchun yopiq, mutlaq hokimiyat hukmron bo‘lgan dunyo yashagan.

Bugun esa bu mahobatli darvozalar barcha uchun ochiq.

Gugun qurilishi XV asr boshlarida boshlanib, o‘n yildan ortiq davom etgan. Uni barpo etishda millionlab ishchilar va eng sara ustalar ishtirok etgan. Natijada deyarli alohida shaharga teng ulkan majmua paydo bo‘lgan.

Qadimiy afsonaga ko‘ra, saroyda 9999 yarimta xona bo‘lgan. Chunki mukammal 10 ming raqami faqat osmonga xos deb hisoblangan. Imperator esa o‘z qarorgohini undan bir pog‘ona past tutish orqali “kamtarlik”ni namoyon qilgan, deyiladi.

Bu yerda yurganingda vaqt go‘yo sekinlashib qolgandek. Hamma narsa – devorlar, hovlilar, hatto havo ham tarix bilan to‘lib turganday.

Har bir detalda ma’no bor

Gugunda hech bir narsa tasodifiy emas. Tomlarning tillarang bo‘lishi – imperatorlik qudrati ramzi. Qalin poydevorlar esa shunchalik mustahkam qurilganki, dushmanlar yer ostidan yo‘l ochib kira olmagan.

Saroy hududidagi katta mis qozonlar ham bejiz qo‘yilmagan. Ular yong‘in chiqqan taqdirda suv saqlash uchun xizmat qilgan. Qishda muzlab qolmasligi uchun hatto ostida olov yoqilgani haqida ma’lumotlar bor.