Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi. Prezidentning tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Surxondaryo viloyatida 2020 yilda turizmni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Surxondaryo viloyatining transport infratuzilma holatini tubdan takomillashtirish maqsadida “Termiz” xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagini ta'mirlash ishlarini boshlaydi holda 2020 yilning 1 apreliga qadar yakunlash choralarini ko‘radi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xorijiy mamlakatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha doimiy ravishda targ‘ibot ishlarini olib borilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligining “City Tour” prinsiplari asosida Termiz-Sariosiyo-Denov-Boysun-Sherobod-Termiz yo‘nalishi bo‘ylab 2020 yilning mart oyidan boshlab turizm sinfidagi avtobuslarning muntazam qatnovini yo‘lga qo‘yish orqali “Oltin uchburchak” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha takliflari ma'qullanadi hamda loyihani amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi muntazam avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha turoperatorlar, mehmonxonalar, gidlar va boshqa turizm sohasi vakillari o‘rtasida keng targ‘ibot ishlari olib borilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligi Turkiyaning “IdealIst” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Boysun tumanidagi “Zovboshi” turistik zonasining master rejasi ma'qullanadi hamda turizm obektlarini qurish yuzasidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5781-sonli Farmoniga asosan, Turizmni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash vakolatlari doirasida Boysun tumanidagi “Zovboshi” turistik zonasiga investorlarni jalb qilgan holda, loyihalarni amalga oshirish choralarini ko‘radi.