Jamiyat | 10:21 / 19.11.2019
25712
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarosi Afg‘oniston va Pokistondagi terrorchilik faoliyati uchun 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: RBC/TASS

Sud “Turkiston islom harakati” va “Xuroson viloyati islom davlati” terrorchilik tashkilotlari uchun jang qilgan 33 yoshli Botir Madaminovga hukm chiqardi.

Andijon viloyatida tug‘ilgan sudlanuvchi 22 yoshidan boshlab otasi va akalari bilan Rossiyaga muntazam ishlagani borib yurgan. 2011 yilda u ilk bor oilasi a'zolarisiz ishlashga jo‘nab, darhol ekstremistlar ta'siriga tushgan. Botir Moskva viloyati Serpuxov tumanidagi qurilishda ishlash vaqtida farg‘onalik Abdurahim va andijonlik Umid bilan do‘stlashgan. Ularning ikkisi ham “Jihodchilik” diniy-ekstremistik oqimining “Moskva jamoati” a'zolari bo‘lishgan. Botir ularning ta'siri ostida bu terrorchilik tashkiloti safiga kirib, 2011 yilning o‘zidayoq Pokistonning Mir-Ali shahriga jo‘nagan.

U bu yerda “Turkiston islom harakati” terrorchilik tashkilotiga qo‘shilib, jangarilar lagerida mashg‘ulot o‘tagan. Madaminov qurol va portlovchi qurilmalar bilan muomala qilishga o‘rgatilgan. So‘ngra u “Nosir” taxallusi bilan Pokiston qurolli kuchlariga qarshi janglarda ishtirok etgan. 

2013 va 2014 yillar kuzida Pokiston armiyasining jangarilar lagerlariga aviazarbalaridan keyin jangarilar Afg‘onistonga ko‘chib o‘tgan. Bu yerda Madaminov “Xuroson viloyati islom davlati” terrorchilik guruhi a'zosiga aylanib, 2016-2018 yillarda jangarilarga oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatish bilan shug‘ullangan.

2019 yil aprelda sudlanuvchi O‘zbekistonga qaytarilgan. Sud Madaminovni qilmishlari uchun 9 yilga ozodlikdan mahrum qilishga qaror qildi.

Mavzuga oid