O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash konsepsiyasi qabul qilinadi. Prezidentning bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash siyosatining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilanadi:

xorijiy mamlakatlarning davlat va nodavlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar tomonidan O‘zbekistonning izchil rivojlanayotgan, zamonaviy demokratik huquqiy davlat sifatida yaxlit va ijobiy qabul qilinishini kuchaytirish;

siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda davom etayotgan keng ko‘lamli islohotlar va o‘zgarishlarni davom ettirish, respublikaning investorlar va ishbilarmon sheriklar uchun jozibadorligini kuchaytirish, jahon miqyosida milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini mustahkamlash, O‘zbekiston manfaatlariga mos keladigan muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun eng qulay sharoitlarni shakllantirish;

xalqaro maydonda O‘zbekistonning jozibali milliy brendini shakllantirish va mustahkamlash orqali mintaqaviy va global bozorlarda mahalliy tovarlar va xizmatlar eksportini ilgari surish;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va uning jahon hamjamiyatida ijobiy qabul qilinishini kengaytirish orqali milliy suverenitet, barqarorlik va xavfsizlikni kuchaytirish.

O‘zbekistonni Osiyoning yetakchi ishbilarmonlik, madaniy va turizm markazlari safiga kiritish.

Konsepsiyaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatidagi ijobiy imijini shakllantirish va mustahkamlash hamda xalqaro nufuzini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni belgilovchi O‘zbekistonning asosiy imij xususiyatlari quyidagilardan iborat:

boy madaniy, tarixiy, ma'naviy va intellektual meros, davlatchilikning ko‘p asrlik tarixi;

fan va madaniyat, dunyo va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan va tan olingan hissasi;

an'anaviy va yuqori darajadagi millatlararo hamda konfessiyalararo hamjihatlik, jamiyatdagi ijtimoiy totuvlik va bag‘rikenglikka asoslangan dunyoqarash;