Samarqandda o‘tgan Invest in Samarkand investitsion forumida 1,3 mlrd dollarlik bitimlar imzolandi
Samarqandda 22–23 noyabr kunlari Invest in Samarkand Birinchi xalqaro infestitsiya forumi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur forumda umumiy summasi 1,3 milliard AQSh dollari bo‘lgan 146ta bitim va memorandumlar imzolangan.
Forumda Ispaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘oniston, Turkiya va boshqa jami 31 davlatdan 310 nafar vakil ishtirok etdi.
Forum qatnashchilarini Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov tabriklagan.
Tadbirda Italiyaning Lombardiya hududi gubernatori Atillio Fontana ham qatnashdi.
Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Attilio Fontana ham O‘zbekistonga tashrifi har tomonlama samarali bo‘layotganini qayd etib, jumladan, Samarqand viloyati bilan ilmiy-texnikaviy, zamonaviy innovatsiyalar bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Ikki viloyat o‘rtasidagi aloqalarni izchil yo‘lga qo‘yish uchun Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va viloyat ishbilarmonlarini Lombardiyaga taklif qilgan.
Forum doirasida seksiyaviy yalpi yig‘ilishlar o‘tkazildi va unda kapital qo‘yilmalar uchun Samarqandning investitsion imkoniyatlari va jozibadorligi, turistik sanoatni iqtisodiyotning strategik sohasiga aylantirish masalalari muhokama etildi.
Bundan tashqari, qurilish sanoatini, import o‘rnini bosuvchi sohalar salohiyati va ularni rivojlantish istiqbollari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va eksport salohiyatini oshirish masalalari ko‘tarildi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra, Samarqand viloyat hokimligi va Ispaniyaning Real Madrid qirollik futbol klubi bilan O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi ko‘magida viloyatda Real Madrid futbol akademiyasini ochish jarayoni bo‘yicha hamkorlik qilish bo‘yicha bitim ham imzolangan.
Qayd etish joizki, forum mobaynida Samarqanddagi yangi xalqaro aeroport, attraksionlar va IMAX keng formatli kinoteatrga istirohat bog‘i, shuningdek, elektr dvigatellar bilan jihozlangan avtobuslar va boshqa maxsus texnikalar ishlab chiqaruvchi zavod, IT park, «Siti», biznes markazlar va turistik markazlar qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha loyihalar xorijiy investorlar tomonidan namoyish etildi.
Tadbir qatnashchilari Made in Samarkand milliy ko‘rgazmasida Samarqand viloyatida ishlab chiqarilayotgan sanoat tovarlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari namunalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bundan tashqari, mehmonlar Samarqand viloyatining eng yirik korxonalari — sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Pure Milky, sharbatlar va nektarlar ishlab chiqaruvchi Agro Mir, gilam ishlab chiqaruvchi SAG Gilamlari, tekstil va kiyim ishlab chiqaruvchi Afrosiyob jeans kabilarning ish faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024