Jamiyat | 16:40 / 25.11.2019
9724
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida xususiy tibbiyot yo‘nalishida yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etildi

Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev hamda tadbirkorlar ishtirokida tibbiyot, xususan, xususiy tibbiyot yo‘nalishini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad xususiy tibbiyot taraqqiyotini har tomonlama jadallashtirish, sohadagi mavjud muammolarni o‘rganish hamda bunga tadbirkorlar bilan hamkorlikda yechim topishdir.

«Qayd etish joizki, ayni paytda mamlakatimiz tibbiyotida xususiy sektor ulushini oshirish, davlat-xususiy sheriklik hamda huquqiy mexanizmlarning yaratilishi, ularga keng imtiyozlar taqdim etilayotgani, deyarli barcha tibbiy faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat etilishi natijada xususiy shifoxonalar soni 5300dan oshdi. Shuningdek, qisqa vaqtda AQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Janubiy Koreya, Isroil kabi xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda 100dan ortiq zamonaviy xususiy klinikalar ish boshladi.

Har ikki viloyatda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi. Tibbiyot yo‘nalishidagi xususiy sektorga to‘siq bo‘layotgan qator muammolar birma-bir o‘rganildi. Tadbirkorlarning sohani har tomonlama rivojlantirish borasidagi fikr-mulohazalari tinglandi va qator takliflar ilgari surildi.

Jumladan, Surxondaryoda «Termiz Kargo» logistika markazida ko‘p tarmoqli xususiy tibbiyot muassasalarini tashkil etish xususida so‘z yuritildi. Ushbu loyiha viloyatda tibbiy turizm salohiyatini oshirish, tibbiy xizmatlar eksportini ko‘paytirish, hudud aholisiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni tashkil etish imkonini yaratadi. Mahalliy aholining hamda qo‘shni davlatlar fuqarolarining malakali tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoji mazkur loyiha samaradorligini ta'minlaydi.

Ma'lumki, davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 noyabrda «Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan xususiy tibbiyotga tug‘ruq bilan shug‘ullanishga ruxsat berildi. Shundan kelib chiqqan holda, Buxoro viloyatida tashkil etilgan uchrashuvda ham ayollar reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom oilani shakllantirish sohalariga ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali xususiy tibbiyot markazlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Unda kompleks yondashuv asosida akusherlik va ginekologiya, reproduktologiya, pediatriya, neonatologiya, ultratovush diagnostikasi, klinik va bioximik laboratoriya, bakteriologik laboratoriya kabi tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi.

Uchrashuvlarda bildirilgan mulohaza va takliflar orasida bevosita sog‘liqni saqlash vazirligiga daxldor bo‘lganlari qatori, kredit, yer ajratish, bino olish kabi qator masalalarga viloyat hokimligi mutasaddilari tomonidan aniqlik kiritish imkoni ham yuzaga keldi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vaziri, viloyat hokimlari tomonidan tadbirkorlar soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar, kredit olish, qurish uchun yer ajratilishi, davlat tomonidan ma'lum hajmdagi tibbiy xizmatlarning sotib olinishi, xorij fuqarolarining vizasiz rejimda jalb etilishi, keltirilgan zamonaviy tibbiy uskunalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga yordam berish, kadrlarni o‘qitish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta'kidlab o‘tildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid