O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli audioyozuvdagi holatlarni tekshirish yuzasidan bayonot berdi.

«Joriy yilning 16 noyabr kuni Internet nashrlarida Toshkent shahar hokimi, senator J.Artikxodjayevga tegishli hamda haqorat, tahdid mazmunidagi audioyozuv tarqaldi. 

Mazkur holat ommaviy axborot vositalari, blogerlar, siyosiy partiyalar, eng achinarlisi, ayrim xorijiy ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlarning keskin tanqidiy muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Bosh prokuratura tomonidan mazkur holatga huquqiy baho berish maqsadida JPKning 329-moddasiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 14 avgust kuni «Kun.uz» tahririyatiga «Xiva stroy» MChJ rahbarining bajarilgan qurilish ishlari uchun buyurtmachidan pul undirishga oid murojaatini o‘rganish maqsadida mazkur tahririyat muxbiri R.Isroilov va operatori Sh.Egamberdiyevlar Olmazor tuman hokimligiga borishgan.

Tuman hokimi o‘rinbosari A.Vaxabov davlat xizmatchisi bo‘la turib, tegishli odob-axloq qoidalariga zid ravishda R.Isroilovga tushuntirish berishdan bosh tortgan, ular bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgan hamda operatorning videotasvirga olishiga qarshilik ko‘rsatgan.

Mazkur voqeaning ertasiga «Kun.uz» tahririyati ushbu videolavhani o‘z saytida e'lon qilgan va bu keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Shu kuni kechqurun Toshkent shahar hokimi J.Artikxodjayevning vaziyatni yumshatish va murosaga kelish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan shahar hokimligining Axborot xizmati rahbari L.Sabirova, tuman hokimi o‘rinbosari A.Vaxabovlar tahririyat vakillari B.Axmedov, R.Isroilov va Sh.Egamberdiyevlar bilan shahar hokimligi binosida uchrashishgan.

Unda A.Vaxabov nojo‘ya harakatlarga yo‘l qo‘yganligini tan olgan va tahririyat xodimlaridan uzr so‘ragan. Biroq, bu holat tahririyat xodimlarini qoniqtirmagan.

Uchrashuv yakun topgach, muloqot ishtirokchilari binoning yo‘lagida J.Artikxodjayevga tasodifan duch kelishadi. L.Sabirova J.Artikxodjayevga bo‘lib o‘tgan suhbat haqida ma'lumot berib, «Kun.uz» xodimlari A.Vaxabovning uzridan qanoatlanmaganligini bayon qilgan.

Shunda J.Artikxodjayev ular bilan muloqotda muomala madaniyatidan chetga chiqqan holda, internet nashrlariga nisbatan o‘zining salbiy munosabatini ifodalab, go‘yoki ularni sharmandali vaziyatlarga tushirish imkoniyatiga egaligini, lekin u bunday tarbiyalanmaganligi va buni xohlamasligini bildirgan.