O‘zbekiston | 17:20 / 28.11.2019
8363
4 daqiqa o‘qiladi

Akram Muhamatqulov: «O‘zbekistonda ijtimoiy media beshinchi hokimiyatga aylanmoqda»

27 noyabr kuni Londondagi «Glaziers Hall»da UzInvest forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi PR-markazi rahbari Akram Muhamatqulov so‘z olib, axborot sohasidagi o‘zgarishlar haqida potensial investorlarga ma'lumot berdi.

Kun.uz muxbirining Londondan xabar qilishicha, AOKA rasmiysi O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlardagi faollik tobora oshib borayotganini qayd etgan.

«Ijtimoiy tarmoqlardagi faollik ortib boryapti. Hozir qo‘rquv yo‘qolgan. Avvalgi davrda, bilasiz, bizda zo‘ravonlik va qo‘rquv bor edi, odamlar fikr bildirishga hayiqishardi. Hozir esa ijtimoiy media bor. An'anaviy ommaviy axborot vositalarini to‘rtinchi hokimiyat deb oladigan bo‘lsak, bugunga kelib ijtimoiy media ehtimolki beshinchi hokimiyatga aylanayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Erkinlik muhiti bor va odamlar bo‘layotgan jarayonlarda ishtirok eta olishlari mumkinligini his etishmoqda», – dedi Muhamatqulov

PR-markaz rahbari so‘z erkinligi, davlat organlarining ochiqligi, xorijiy ommaviy axborot vositalarining O‘zbekistondagi faoliyati kabi masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Men O‘zbekistonga shu yil boshida qaytganman. Prezident tomonidan g‘arb mamlakatlarida ish tajribasiga ega vatandoshlarni yurtga qaytarish tashabbusi ilgari surilgan. Bungacha deyarli 20 yil xorijda yashaganman.

Mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar ortga qaytarib bo‘lmas ekaniga ishonchim komil. Bilasizmi, islohotlar mobaynida vaqt juda qadrli resurs. Shuni anglagan holda yaxshiroq natijalarga erishish uchun kecha-yu kunduz ishlashimizga to‘g‘ri kelyapti.

Bugungi O‘zbekiston – 2016 yilgacha bo‘lgan davrdan katta farq qiladi. Davlat o‘zgaryapti, jamoatchilik o‘zgaryapti. Biz ochiqlik, demokratiya yo‘lini tanlaganmiz. O‘zaro tiyib turish mexanizmlariga ega va o‘yin qoidalari qonunlarga asoslangan jamiyat qurish uchun OAV erkinligi, axborot olish erkinligi hamda o‘zgarishlarga befarq bo‘lmagan va unda ishtirok etadigan jamoatchilik kerak bo‘ladi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligimizning asosiy vazifalaridan biri – barcha davlat organlari va davlat korxonalarining ochiqligini ta'minlash va ularga jamoatchilik bilan aloqa qilishida ko‘maklashish. Biz investitsion iqlimda qaror qabul qiluvchilarni batafsil axborot bilan o‘z vaqtida ta'minlashimiz zarurligini tushunamiz», – deb ta'kidladi Akram Muhamatqulov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston hukumati xorij OAV va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga tayyor.

«Biz o‘z muammolarimizni muhokama qilishga, muammolar bilan yuzlanishga, ularni tan olishga va ularning ustida ishlashga tayyormiz. Nafaqat mamlakatimiz jamoatchiligi, balki jahon hamjamiyati bilan ham munosabat o‘rnatish bo‘yicha hukumat pozitsiyasida fundamental o‘zgarish bo‘lgan», – dedi AOKA rasmiysi.

Mavzuga oid