O‘zbekiston | 09:50 / 28.11.2019
6513
2 daqiqa o‘qiladi

MTP vakili: «O‘zbekistonlik tadbirkorlarning aksariyati sud tizimi faoliyatidan norozi yoki unga ishonmaydi»

Foto: Xalqaro press-klub

27 noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro Matbuot markazida tadbirkorlik yo‘nalishidagi muammolar va uning istiqbollariga bag‘ishlangan Xalqaro press-klub sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Unda ishtirok etgan spikerlar O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar, yangilanayotgan qonunchilikni ta'kidlagan holda, bu yo‘nalishdagi muammolar qaysi tizimlarda saqlanib qolayotganiga e'tibor qaratishdi.

Jumladan, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakili Mirodil Abdurahmonovga ko‘ra, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning aksariyati sud tizimi faoliyatidan norozi yoki unga ishonmaydi. 

«Afsuski, sudlarimiz faoliyatida hali ochiqlik, shaffoflik yoki tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash degan tushunchalar to‘la ishlayotgani yo‘q. 

Bir misol keltiraman: yaqinda Liberal demokratik partiya vakillari televideniyeda chiqish qilishdi. Ularning aytishicha, partiya vakillari tadbirkor tarafda turib sudlarda ishtirok etayotgan ekan, bir nechtasida yutib ham chiqishibdi. Rahmat liberallarga, lekin, sud organlariga savol: biz qachongacha tadbirkorlarning yonini olib, uning tarafida turib sudlarda qatnashishimiz kerak? 

Axir, sudlar va undagilarning ongi, dunyoqarashi o‘zgarmasa, bunday holatlar davom etaveradi-ku? Biz sudlardan tadbirkorni himoya qilishimiz kerak emas, sud tizimining o‘zi ishlashi kerak-da!

Yaqinda bir fermer bizga murojaat qildi. Uning aytishicha, sudga hujjatlarni bir kun kechikib topshirgani uchun, iqtisodiy sud butunlay qarshi tomon foydasiga qaror chiqarib bergan.

Prezident sud vakillari bilan uchrashganda tadbirkorlar xursand bo‘lishgandi, endi adolat qaror topadi deb, lekin haligacha sudlar bu ishonchni oqlagani yo‘q», deya Mirodil Abdurahmonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid