Chempionlar Ligasida 5-tur o‘yinlari nihoyasiga yetdi va nimchorak final ishtirokchilarining yarmi – 8 jamoa rasman bahorgi ishtirokini naq qildi. Bular «PSJ», «Real», «Bavariya», «Tottenhem», «Manchester Siti», «Yuventus», «Barselona» va «Leypsig» jamoalaridir.
Qolgan 8 yo‘llanma uchun yana 15 klubda imkoniyat saqlanib qolgan. Ikkita guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinlar naqd bo‘lib ulgurgan. Ba'zi guruhlarda g‘oliblar ma'lum bo‘lsa-da, kim qaysi o‘rinda chiqishi ma'lum emas.
«A» va «V» guruhlarida barchasi aniq: 1/8 finalda «PSJ», «Real», «Bavariya» va «Tottenhem» o‘ynaydi. «PSJ» guruh bosqichini mag‘lubiyatsiz o‘tkazmoqda, «Bavariya» esa birorta ochko yo‘qotmadi.

Mourino o‘z faoliyatida oltinchi klub bilan pley-offda o‘ynaydi (bungacha «Portu», «Chelsi», «Inter», «Real» va «MYu» bilan).

4 jamoa – «Lokomotiv», «Genk», «Slaviya» va «Lill» umuman bahorda hatto Yevropa Ligasida o‘ynash huquqidan ham rasman mahrum bo‘ldi.
Guruhlardagi o‘rinlar, Yevropa Ligasi uchun raqobat haqidagi mulohazalarni keyinga qoldiraylik-da, keling, aynan o‘sha 8 yo‘llanma taqdiri borasida fikr yuritamiz.
«ShAXTYoR», «DINAMO» Yo «ATALANTA»?
S guruhida «Manchester Siti» rasman guruh g‘olibiga aylandi. Keyingi yo‘llanma uchun esa, qolgan uch jamoada ham imkoniyat bor.
Ukrainada «Shaxtyor» «Atalanta»ni qabul qiladi. Agar mezbonlar g‘alaba qozonadigan bo‘lishsa, guruhda 2-o‘rinni naqd qilishadi. Aksincha, italiyaliklar ustun kelishsa, ular «Shaxtyor»ni quvib o‘tishadi va ikkinchi o‘ringa ko‘tarilishlari mumkin. Mumkin deyilganining sababi, Zagrebda «Manchester Siti»ni qabul qiladigan «Dinamo» ham bor.
Xullas, «Shaxtyor» pley-offga chiqishi uchun «Atalanta»ni yengishi yoki durang o‘ynab, «Manchester Siti» Zagrebda yutqazmasligidan umid qilishi kerak.
























