O‘zR FA Botanika instituti faoliyati, bugungi ilmiy salohiyati haqida ma'lumot bersangiz?

— Botanika instituti O‘zbekistonda tabiiy tarzda o‘suvchi yovvoyi o‘simlik olami bilan shug‘ullanadigan yagona ilmiy muassasa hisoblanadi. Aksariyat holatlarda mazkur institutning maqsad va vazifalari, ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari boshqa ilmiy tadqiqot muassasalari, jumladan ekib-yetishtiriladigan, qishloq xo‘jalik ekinlarini tadqiq etadigan institutlar faoliyati bilan adashtirish holatlari uchrab turadi. Demoqchimanki, bizning muassasada insonlar tomonidan parvarish qilinadigan o‘simliklar tadqiqot obekti hisoblanmaydi. Bu — tabiiy flora bilan shug‘ullanadigan yagona institutdir.

O‘zbekiston hududi o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadigan o‘simliklar qoplamiga ega. Albatta, bu yerda ekinzorlar nazarda tutilmayapti. Tabiiy flora turlari yer osti va yer usti boyliklari kabi davlatning milliy boyligi sanaladi. Bu boylik qanaqa ahvolda, tarkibi nimalardan iborat, sarhisobi, uni qanday saqlab qolamiz, qanday qilib unumli foydalanamiz, monitoringini yuritish, «Qizil kitob»ga kirgan o‘simliklar, ularning davlat kadastrini yuritish va shu kabi masalalar bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi. Fundamental tadqiqotlar qatoriga bu flora kelib chiqishi, qaysi geografik elementlar bunga asos bo‘lgan, ularning migratsiyasi qanday bo‘lgan, evolyutsiyasi qay tarzda ketyapti kabi ilmiy muammolar kiradi.

Ayni paytda institut o‘tish davrini boshidan kechirmoqda. Turli sabablarga ko‘ra institut avval Botanika bog‘i, keyinchalik esa Zoologiya instituti bilan qo‘shib yuborildi. Bu holat o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmay qolmadi. Bajarilayotgan loyihalarni, ilmiy laboratoriyalarni sun'iy ravishda qo‘shish, qabul qilingan qarorlarga muvofiqlashtirishga urinishlar bo‘ldi.

Ayrim yoshi ulug‘ olimlar institutni tark etishdi. Ayrimlari esa o‘zlaridan shogirdlar safini qoldirishmadi. Oqibatda esa «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3256-son qarori bilan Institut alohida ilmiy tadqiqot muassasasi sifatida qaytadan shakllantirilgan vaqtda asosan yoshlardan iborat bo‘lgan jamoa tarkibidan iborat bo‘lib qoldi. Bu yerda boshqa institutlardagi kabi yoshi ulug‘ olimlarni ko‘p uchratmaysiz. Avlodlar almashinuvi og‘ir kechdi, shuning orqasidan institut qiyin ahvolga tushib qolgandi.

Besh yil avval institutga direktor bo‘lib kelganimdan so‘ng ishni yosh olimlarni jalb etishdan boshladik. Buning uchun ilmiy ish qilishga layoqatli yoshlarni viloyatlardan tanlab oldik.

Ishlarimiz samarasini ko‘rsatdi, albatta. 2018 yil natijalariga ko‘ra, yosh olimlar institut ilmiy salohiyatining 36 foizini tashkil etdi. Falsafa doktori yoki fan doktori bo‘lgan yosh ilmiy xodimlar esa hozirgi kunda 46 foizni tashkil etadi. 2016–2018 yil oralig‘ida 25 nafar ilmiy xodim asosiy ish o‘rniga qabul qilindi. 3 yil ichida institut 30 foizgacha yangilash jarayonini o‘z boshidan kechirdi. Bugun qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu yoshlar institut ertasi hisoblanadi. Ular bilan ko‘proq ishlash, tarbiyalash, yo‘naltirish ertangi kun muvaffaqiyati garovi hisoblanadi.