«Qushning ham uyasi buzilmasin», deydi xalqimiz. Uyi buzilgan qush chirqirab dunyolarni buzadi. Qush-ku, qush, odamning uyi buzilsa-chi? Qahraton qishda ko‘chada qolgan odamlar dodini kimga aytsin?
Kun.uz tahririyatiga Toshkent viloyati Zangiota tumani Eshonguzar qo‘rg‘onida yashagan, ayni paytda uylari buzilgan bir guruh fuqarolar murojaat qilib, uylari buzilishidan oldin mutasaddilar tomonidan aytilgan va'dalar bajarilmayotganidan shikoyat qilishdi. Kun.uz mazkur murojaat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.
Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yilning may oyida Zangiota tumanining Eshonguzar qo‘rg‘oni, «Oybek» mahallasida joylashgan Abdulla Nabiyev 1-tor ko‘chasida yashovchi fuqarolar ushbu hududdagi 11ta uy va boshqa noturarjoylar buzilishi, ularning o‘rniga tuman bosh rejasiga asosan ko‘p qavatli turarjoylar hamda infratuzilma obektlari qurilishi rejalashtirilgani haqida ogohlantirilishgan.



«Tuman hokimligidan uylaring 3 kun ichida buziladi deb xat tarqatib ketishdi. Hammamiz nima qilishimizni bilmay baqa bo‘lib qoldik. Uylarimizni-ku topshirdik, lekin berilgan kompensatsiya puliga xuddi o‘shanday imorat qurib olishimizga ko‘zim yetmayapti. Qurilish materiallari, usta haqi oshib ketdi», deydi 74 yashar Qosim Rahmatov.

«Uylarimiz buzilmaganda va bozor narxida boshqalarga sotganimizda ancha qimmatga sotgan bo‘lardik. Chunki imoratlarimiz yangi edi. Hokimiyat esa eng ko‘pi bilan 500 million so‘mgacha tovon puli berdi. Ammo bu pul qurilish qilishga yetmayapti», deydi Botir G‘ofurov.

«Kelinlarimni nevaralarim bilan birga otasining uyiga jo‘natvorganmiz. Bittasi Ibn Sinoga, ikkinchisi Kamolonda turadi. Har kuni o‘sha yerdan nevaralarim bog‘chasiga, maktabiga qatnashyapti. Har birining yo‘lkirasiga 15-20 ming so‘m ketyapti. Nimayam qilardik boshqa. O‘zim ikki nafar o‘g‘lim va ustalar bilan hali qurilishi bitmagan uydagi bir xonada vaqtincha yashab turibmiz. Sharoitlar yo‘q. Izg‘irinda elektr isitgich bilan jon saqlayapmiz», deydi uyi buzilgan fuqarolardan biri Abdumajid Abdullayev.





















