O‘zbekiston | 15:50 / 29.11.2019
5749
2 daqiqa o‘qiladi

Xususiy tug‘ruqxonalar ochilishi tizimda korrupsiya kamayishiga yordam beradi - Elmira Bositxonova

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bugun, 29 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi vakillari ishtirokida «Mamlakatda onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlik muhitini yanada yaxshilash» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bugungi tug‘ruqxonalardagi ahvol, ularda hanuz korrupsiya alomatlari saqlanib qolayotgani masalasida o‘z fikrlarini bildirdi.

«Bugungi kunda ham korrupsiya - tibbiyot sohasida, ayniqsa, tug‘ruqxonalar faoliyatida eng og‘riqli nuqta. An'anaviy suyunchi esa korrupsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lib qolmoqda», - deya Elmira Bositxonovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘mita raisining qayd etishicha, ayni paytda korrupsiyaning oldini olish uchun tibbiyot muassasalarida «Ishonch quti»lari tashkil qilingan. Unga odamlar klinika haqida o‘z fikrlarini yozib qoldirishlari mumkin.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Bu yo‘l bilan ham ma'lum ma'noda natijaga erishyapmiz. Biroq tibbiyotda korrupsiya yo‘qolishi uchun butun jamiyat harakat qilishi zarur. Shifokor yoki hamshiraga pul taklif qilmaslik zarur. Biroq agar shifokor pul olmasdan turib, bemorni davolamayman, deydigan bo‘lsa, bu – boshqa masala.

Bu borada xususiy tug‘ruqxonalarning ochilishi korrupsiyaning kamayishiga yordam beradi, degan fikrdaman. Agar kimdir alohida sharoit, boshqalardan farqli parvarishni xohlasa va to‘lov qilishga qurbi yetsa, xususiy tug‘ruqxonalardan foydalanishi mumkin.

Davlat tug‘ruqxonalari esa aholiga ishonchli tibbiy xizmat ko‘rsatish vazifasini bajaraveradi», deya qo‘shimcha qildi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid