Kun.uz tahririyatiga Toshkent shahrining Yakkasaroy kichik sanoat zonasi hududidagi 52-blokda faoliyat yurituvchi «All Solar» xususiy korxonasi rahbari Muzaffar Tilavov murojaat yo‘lladi. Tadbirkorning aytishicha, u va turkiyalik investor Albayrak Ramazon rahbarligidagi «Asra prom textile» MChJ 2017 yildan buyon 10 yilga tuzilgan ijara shartnomasi asosida faoliyat yuritib kelayotgan bino O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 16 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi balansiga ko‘rgazma maydonchasi tashkil qilish uchun o‘tkazilmoqda.

Tadbirkorlar mazkur inshootning ta'mirlash ishlariga jami 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflab, endigina oyoqqa turgan va foyda ola boshlagan paytda bino olib qo‘yilayotganidan jiddiy tashvishda.

Eng ahamiyatli va kishini o‘ylantiradigan jihat shuki, prezident qarorida Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 44-b uy manzilida joylashgan uch qavatli bino unga tutash hududi bilan balans qiymatida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga topshirilishi qayd etilgan. Ammo «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi aynan qarorda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha emas, balki tadbirkorlar foydalanayotgan binoga, aniqrog‘i Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 53-b, 52-blokka da'vo qilmoqda.

Kun.uz muxbirlari mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishib, ayni masala bo‘yicha qator tashkilotlar munosabatiga qiziqdi.

«Nafaqat mening, balki turkiyalik investorning ham faoliyati to‘xtaydi» 

Muzaffar Tilavov, «All Solar» xususiy korxonasi rahbari:

- 2013 yili mazkur korxonani ochib, o‘z faoliyatimni boshlaganman. 2017 yil fevral oyida yurtboshimiz ilk bor Toshkent shahridagi tadbirkorlar bilan uchrashganida men ham suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgandim. O‘shanda davlatimiz rahbari menga bu sohani yanada rivojlantirish kerakligi, ishlab chiqarish qismlarini iloji boricha mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriq berdilar.

Shundan so‘ng, Toshkent shahar davlat aktivlarini boshqarish markaziga hujjatlarimizni topshirib, ushbu binoni, ya'ni Shota Rustaveli ko‘chasi, 53-b, 52-blokni 10 yil muddatga ijaraga oldik. Bu inshoot bizga investitsiya kiritish va ta'mirlash shartlari bilan berildi. Bu shartlarni ikki yil ichida to‘liq bajardik. Ta'mirlash uchun 2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ketdi. Chet eldan 310 ming dollarlik uskunalar xarid qilib, olib keldik. Ayni paytda ishlab chiqarish ishlari boshlangan.