Bu yil Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalaridagi muammolar o‘tgan yilgidan ertaroq boshlandi. «Zapravka»larda noyabrning ikkinchi yarmidan boshlab oxiri yo‘q navbatlar paydo bo‘lgan. 2018 yil bunday holat dekabr oyi oxirida boshlangan edi. Mazkur muammo 2018 yil 31 dekabr kuni qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi orqali gaz o‘tkazish bilan yechilgandi.

 Kun.uz saytiga kelayotgan ko‘pdan-ko‘p murojaatlarni o‘rganish maqsadida vodiyning uch viloyatidagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalarida bo‘ldik.

Eng uzun navbatlar Farg‘ona viloyatidagi «zapravka»larda ekan

Ayni kunlarda vodiy yo‘llarini quyuq tuman qoplagan. Noyabr oyining so‘nggi kuni ertalab viloyatning Yozyovon tumani markazidan uch kilometr uzoqlikdagi «Real gaz avto servis» shoxobchasiga bordik.

«Zapravka»ga ikki kilometr qolganida avtomobillarning turnaqator navbati ustidan chiqdik. Uzoq vaqt qatorda navbat kelishini kutib turgan haydovchilar ichida Toshloq va Qo‘shtepa tumanlaridan kelganlar ham bor ekan. Ularning aytishicha, Toshloqdagi «zapravka»lar gazdan uzib tashlangan.

«Kecha Toshloqda kun bo‘yi turib gaz quydira olmaganmiz. Bugun mana 30 kilometr yo‘l bosib Yozyovonga keldik», deydi haydovchilardan biri.

Shoxobchada Marg‘ilon shahridan kelgan haydovchilar ham navbat kutib turishibdi.

Ulardan biri Marg‘ilonda ahvol bundan badtarroqligi, gaz 80 atmosfera bosimiga tushib ketgani, eng yomoni, navbatda turganlar qolib, shoxobchaning boshqa eshigidan kirib gaz quyib chiqib ketayotganlar ham bo‘layotganidan shikoyat qildi.