Samjiyonda 4 ming oila istiqomat qilishi mumkin / EPA

Shimoliy Koreyada zamonaviy sivilizatsiya modeli deb atalayotgan yangi Samchjiyon shahrining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

«Baland ovozdagi «Ura!» hayqirig‘i jo‘rligida Samchjiyon markazi osmonini bezatgan salyutlar otildi va sharlar uchirildi», — deb yozadi Koreyaning Markaziy telegraf agentligi.

Binolar qurilishida mehnat qilgan quruvchi harbiylar diviziyasi marosim qatnashchilari qarshisidan saf tortib o‘tishdi.

NK News portalida ma'lum qilinishicha, mahalliy OAVda Kim Chen In shahar qurilishida faol ishtirok etgani, quruvchilar va dizaynerlarga ko‘rsatmalar berib borgani va ob-havodan qat'iy nazar qurilishga muntazam ravishda tashrif buyurib turgani ta'kidlab o‘tilgan. 

Koreya markaziy telegraf agentligi (TsTAK) ma'lumotiga ko‘ra, shaharda 4 ming oila yashashi mumkin, yuzlab gektar maydonda 380ta mavze, tog‘-chang‘i trassasi, stadion va boshqa turli obektlar joylashgan.

Ammo bunday namunaviy shahar qurilishida majburiy mehnatdan foydalanilgani haqida ma'lumotlar bor.

Davlat nashrlari ko‘targan shov-shuvlarga asoslanilsa, ushbu shahar aholisining asosiy qismi qashshoqlikda yashaydigan Shimoliy Koreya uchun xos bo‘lmagan shahar bo‘ladi.

Tog‘-chang‘i trassasida odamlar shahar ochilishini  nishonlashmoqda / EPA

NK News nashri muxbiri Kolina Zvirkoning tasdiqlashicha, Shimoliy Koreya uchun ushbu shahar sotsializmda qurilgan, zamonaviy sivilizatsiyaning timsolidir.

«Bu yerda mamlakatning boshqa joyida uchramaydigan chiroyli, toza fasadlar, jimjimador qilib bezak berilgan binolar mavjud. Turist bu yerda Pxenyan yoki boshqa shaharlardagi xunuk manzaralar bilan to‘qnashmaydi», - degan u Bi-bi-siga.