Bugungi kunda turli xususiy korxonalarda mehnat shartnomasisiz, og‘zaki kelishuv bilan yollanma tarzda mehnat qilayotganlarning son-sanog‘i yo‘q. Agar bir falokat ro‘y bergudek bo‘lsa, u holda na biron tovon puli, na boshqa turdagi to‘lov to‘g‘risida gapirish mumkin. Ehtimol, shu sababdan ham ayrim ishboshilar yollanuvchilar bilan shunchaki og‘zaki kelishuv qilib qo‘yishsa kerak.

Samarqand shahrida yashovchi Ozoda Soatova o‘g‘li Alimardon Tursunovning xuddi shunday hodisa tufayli og‘ir ahvolga tushib qolgani yuzasidan tahririyatimizga murojaat qildi.

Bordik. Samarqand xalqaro aeroporti yaqinidagi ijaraga olingan g‘aribgina dalahovlilardan biri…

Qahratonda oynasi yo‘q eshikdan sovuq nafasini ufurib turgan xonada bemor yotibdi. Oyoq tomoniga sovuqning zahrini kesish uchun qo‘lbola elektr isitkich qo‘yilgan. Og‘ir ahvoldagi bemor tibbiy xizmatlarsiz ana shu sharoitda parvarishlanmoqda.

Onasi Ozoda opaning aytishicha, 26 yoshli Alimardon 2018 yil 1 avgust kuni Samarqand tumanida joylashgan «Afrosiyob qurilish invest» MChJga qarashli qayroqtosh maydalash korxonasiga ishga kirgan.

17 avgust kuni esa tosh maydalash uskunasiga tosh terayotganida uskunaga qo‘li kirib qolib, uni ichiga tortib ketgan. O‘ng qo‘l yelka suyagi majaqlanib, butun gavdaning turli qismlariga og‘ir jarohatlar yetgan. Beshta qovurg‘a sinib, orqa miya tiklab bo‘lmas darajada lat yegan.

Avval shoshilinch tez tibbiy yordam birlashmasida, keyin viloyat ortopediya va shikastlanish oqibatlari shifoxonasi jonlantirish bo‘limida murakkab muolajalardan so‘ng uning hayoti saqlab qolingan. Ammo shu kundan e'tiboran Alimardon to‘shakka mixlanib qolgan. Dard bilan olishayotgan bemorning faqat terisi-yu suyagi qolganining guvohi bo‘ldik. Uzoq vaqtdan beri yotgani sabab terida turli yara-toshmalar yuzaga kelgan. Bemor faqat so‘zlasha oladi, xolos.

Ozoda Soatova o‘g‘li shu ko‘yga tushgan korxona tomonidan shu vaqtgacha tovon puli berilmagani haqida shikoyat qildi.