O‘zbekiston | 14:20 / 08.12.2019
29992
4 daqiqa o‘qiladi

Hokimlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha vakolati deputatlar kengashiga beriladi - Prezident

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi ma'ruzasida yangi yildan hokimlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha vakolati xalq deputatlari Kengashlariga berilishini ma'lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z ma'ruzasida mulk huquqi daxlsizligi masalasini ko‘tarib, Konstitutsiyada inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida mujassam etilganini ta'kidladi hamda bu prinsipni amalga oshirish uchun bajarilishi kerak bo‘lgan muhim vazifalarni sanadi.

«Fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan mulk huquqi daxlsizdir va doim davlat himoyasida bo‘ladi.

Biz o‘tgan yillar davomida tadbirkorlik yo‘lidagi ortiqcha cheklovlarni bartaraf qilish, ularning faoliyatiga davlat idoralarining noqonuniy aralashuvini qat'iy cheklash borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, korrupsiyaga yo‘l ochib berayotgan yer ajratish amaliyoti tubdan isloh qilindi. Bu jarayon endilikda yer ajratish elektron tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab hokimlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha vakolati xalq deputatlari Kengashlariga beriladi. Bu o‘zgarish ham mulk daxlsizligini ta'minlash yo‘lidagi jiddiy qadamlardan biridir.

Bundan tashqari, yerni olib qo‘yish va kompensatsiya to‘lashning yangi tartibi, yer faqat mulk egasining roziligi bilan olinishiga oid qoidalar joriy qilindi. Shu bilan birga, mulk daxlsizligi to‘g‘risidagi qonunlarga amal qilmagan mansabdor shaxslarga nisbatan, ular qanday lavozim egasi bo‘lishidan qat'i nazar, javobgarlik kuchaytirildi.

Shuningdek, kompensatsiya miqdori to‘g‘risida taraflarda kelishmovchilik vujudga kelsa, endi bunday holatlar faqat sud yo‘li bilan hal etiladi. 

Ma'lumki, shu paytga qadar hokimlar yerdan foydalanish huquqini beradigan qarorlarni o‘zlari qabul qilar, vaqti kelganda esa, ularni o‘zlari bekor qilishi ham mumkin edi. Endi ana shu vakolatni cheklashning fursati yetdi. Chunki bunday vakolat faqat hokimga berilishi turli adolatsizliklarga sabab bo‘lishini ko‘p misollar ko‘rsatmoqda. Bunday masalalar endi faqat sud tartibida hal qilinadi.

Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining mulkiy huquqlarini noqonuniy cheklash bilan bog‘liq holatlar aniqlangan taqdirda, unga tadbirkor manfaatlarini ko‘zlab sudga murojaat qilish huquqini berish lozim.

Sohada ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash uchun hokimlarning fuqarolarga yer berish haqidagi qarorlarini tegishli saytlarda e'lon qilib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish kerak.   

Biz jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqi kafolatlarini ta'minlash maqsadida xalqaro andozalarga javob beradigan islohotlarimizni bundan buyon ham qat'iy davom ettiramiz.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish uchun biz hayotimizning barcha jabhalarida konstitutsiyaviy nazoratni kuchaytirishimiz zarur. Bu esa pirovard natijada inson huquq va erkinliklarini, uning sha'ni, qadr-qimmati, mol-mulkining daxlsizligini saqlash, fuqarolarning mehnat qilish, ta'lim olish, tibbiy yordamdan foydalanish kabi eng asosiy huquqlarini to‘la ta'minlash imkonini beradi», deydi davlat rahbari.

Mavzuga oid