«Meduza» ushbu ish bo‘yicha hal qiluvchi yig‘ilishdan reportaj tayyorladi.

«Mening o‘g‘lim ularni kimgadir yulduzcha [pogonda] kerakligi uchun qamashayotganini tushunib turibdi», — deydi sud majlisidan oldin 11 sudlanuvchidan birining onasi Yorqinoy Mirzaalimova. Ayol titragan ovoz bilan so‘nggi ikki yarim yilda prezident administratsiyasiga, Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinga va boshqa nufuzli shaxslarga xatlar yo‘llagani, ammo tayinli javob kelmaganini gapiradi.

U barcha xatlarida bitta narsani yozgan: o‘g‘li Mahammadyusuf Mirzaalimovning tarixini. Uni Tovarishcheskiy prospektdagi kvartirada yana olti kishi bilan birga qo‘lga olishgan — ularning barchasi terakt bo‘yicha ishda ayblangan. Tergovning hisoblashicha bu shaxslar terrorchi guruh tuzgan va metrodagi portlashga tayyorgarlik ko‘rgan. Kvartiradagi tintuv vaqtida metroda portlagan bombaga o‘xshash bo‘lgan portlovchi qurilma topilgan — qo‘lga olinganlar esa qurilma uyga maxsus xizmatlar xodimlari tomonidan tashlab qo‘yilgani haqida aytishgan.

Mahammadyusuf Mirzaalimov oshpaz bo‘lib ishlagan. Tovarishcheskiy prospektdagi kvartiraga u portlashdan ikki kun oldin — 2017 yilning 1 aprelida kelgan bo‘lgan. Uning onasi aytishicha, o‘g‘li bu yerda yangi joy topgunicha vaqtincha yashab turmoqchi bo‘lgan: «Mening o‘g‘lim shunchaki keraksiz vaqtda keraksiz joyda — o‘sha kvartirada bo‘lib qolgan».

Yorqinoy Mirzaalimova ish bo‘yicha shug‘ullangan tergovchilar bilan gaplashganida, go‘yoki ulardan biri tekshiruv ishlari davomida «yuqoridan kelgan buyruq» tufayli qoidabuzarlik qilishga majbur bo‘lgani haqida aytgan.

Sudda boshqa sudlanuvchilarning qarindoshlari ishtirok etmadi. Mirzaalimova buni shunday izohlaydi: shunchaki ko‘pchilik oilalar boshqa shaharlardan Peterburgga kelishga qurbi yetmadi.

Olga Malseva / AFP / Scanpix / LETA

Soat 13:00 atrofida jurnalistlar va boshqalarni sud zaliga kiritish boshlandi. 11 ayblanuvchilar bu vaqtda «akvarium»-qafasda sud boshlanishini kutib turar edi. Sudlanuvchilardan biri — Shohista Karimova, qo‘lga olingunga qadar kafeda sabzavot to‘g‘rovchi bo‘lib ishlagan ayol — darhol o‘zi va boshqa ayblanuvchilar «podstava» qilingani haqida aytib baqirdi. 2017 yil aprelida tintuv vaqtida Karimova yashagan uydan granata va detonatorlar topilgan — o‘tgan ikki yarim yil vaqt mobaynida u bularning barchasi uyiga yashirincha tashlab qo‘yilgani haqida gapirib keldi.